Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari axborot agentliklari xodimlari uchun tashkil etilgan “G‘alaba yo‘llari” xalqaro media turi qatnashchilari Belarus Respublikasi Minsk shahridagi Ulug‘ Vatan urushi tarixi davlat muzeyida bo‘ldi.
O‘tgan asr qirqinchi yillarida faoliyat boshlagan va 2014 yilda Belarus Respublikasi ozod etilganining 70 yilligi sharafiga qayta tashkil etilgan muzeydan Belarus davlati va xalqining Ikkinchi jahon urushi yillarida boshidan kechirgan azob-uqubatlari, shahar va qishloqlarning vayron etilgani, sobiq sovet qo‘shinlari va partizanlik harakati ishtirokchilarining mardonavor kurashi haqidagi qimmatli ma’lumotlar va tarixiy ashyolar, urush yillarida foydalanilgan harbiy texnika va qurol-aslahalar o‘rin olgan. Zamonaviy texnologiyalar, multimedia vositalari orqali yaratilgan har bir ekspozitsiya tomoshabinda urush davri haqida yorqin tushuncha beradi, hech bir ashyo yoki ma’lumot e’tibordan chetda qolmaydi.
[gallery-25386]
– Belarus davlat Ulug Vatan urushi tarixi muzeyi xalqimiz va sobiq ittifoqdosh davlatlar fuqarolarining qahramonliklari va qurbonliklarning hujjatli va moddiy dalillarini namoyon etadigan maskan, – deydi muzey direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rimma Rum. – Muzey ekspozitsiyalaridagi 160 mingdan ortiq ashyolar, tarixiy hujjatlar bugun ham olib borilayotgan qidiruv va o‘rganishlar jarayonida qo‘lga kiritilayotgan yangi topilmalar, fuqarolar taqdim etayotgan buyum va ma’lumotlar bilan boyitib borilmoqda. Demoqchimanki, muzeyda qotib qolgan emas, tirik tarix yashamoqda, ko‘z o‘ngimizda jonlanmoqda.
Muzey bo‘ylab ekskursiya yakunida oxirgi ekspozitsiya – belaruslik va bu zaminni fashist bosqinchilaridan ozod etishda jasorat ko‘rsatgan 2143 nafar sobiq Sovet Ittifoqi Qahramoni va 73 nafar “Shon-sharaf” ordeniga sazovor bo‘lganlar nomi bitilgan G‘alaba zalida qahramonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, o‘zbekistonlik 17 nafar jangchi Belarus zaminini fashistlardan ozod etishda jasorat ko‘rsatib, qahramon bo‘lgani aytildi.
– O‘zbekistonlik qahramonlarning ham nomi zaldagi devorda yozib qo‘yilgan va ular haqidagi batafsil ma’lumotlar interaktiv ekran va muzeyimiz veb saytida mavjud, – deydi Rimma Rum. – Bu qahramonlarning har biri biz uchun qadrli, ularning jasorati oldida bosh egamiz va xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Ayniqsa, partizanlik harakatining faol ishtirokchisi, farg‘onalik Mamadali Topiboldiyev nomini alohida hurmat bilan tilga olamiz. Urush yillarida “Kazbek” degan nom bilan tanilgan bu insonni o‘zbek va belarus xalqi farzandi deb bilamiz. Bizda uning nomi qo‘yilgan qishloq va boshqa ob’ektlar bor, uning jasorati haqida film suratga olingan. Muzeyimizda Mamadali Topiboldiyev surati va unga berilgan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni guvohnomasi nusxasi saqlanadi. Urushdan keyin ham hayotlik chog‘ida u Belarusga tez-tez kelib turgan, xalqimiz qahramonni yaxshi biladi. O‘tgan yil muzeyimizga uning farzandi va nabirasi kelgandi va ular qahramon jangchining ayrim buyumlarini muzeyimizga berishini aytgandi. Umuman, Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq tarixni o‘rganish borasida o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz.
Toshkentda tashkil etilgan G‘alaba bog‘idagi “Shon-sharaf” muzeyi ekspozitsiyalarini yaratishda ularga yaqindan yordam berdik.
Xalqaro media tur qatnashchilari Minsk shahri yaqinidagi “Stalin chizig‘i” deb nomlangan tarixiy-madaniy majmuasida ham bo‘lib, urush vaqtida mamlakatning muhim mudofaa nuqtalaridan biri bo‘lgan ob’ekt va bu yerdagi harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan tanishdi.
G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA maxsus muxbirlari
Belarus Respublikasi Minsk shahri.