Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Murojaatlar orqali fuqarolar o‘z fikr, taklif, shikoyat a arizalarini bildirish asnosida o‘z huquqlarini amalga oshiradi.
Bu borada “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida “Call centr” xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, markaz to‘xtovsiz ravishda aholi murojaatlarini qabul qiladi.
Filialning “Call centr” markaziga joriy yilning birinchi yarim yilligida 17 ming 718 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 12 ming 882 tasi ijobiy hal etildi. Mazkur murojaatlarning aksariyat qismi, ya’ni 8 ming 279 tasi gaz hisoblash uskunasi, 4 ming 226 tasi suyultirilgan gaz ta’minoti va maishiy gaz ballon ajratish, 1 ming 414 tasi tabiiy gaz ta’minoti borasidagi masalalardan iborat.

– Markazimizga tushayotgan murojaatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga oshishi barobarida yuqori tashkilotlarga Namangan viloyati iste’molchilaridan tushayotgan murojaatlar soni esa kamaygan, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov. – O‘tgan yilning birinchi yarim yilligida yuqori tashkilotlarga 1 ming 835 murojaat tushgan bo‘lsa, joriy yilning shu davriga kelib 1 ming 428 murojaat tushib, ularning soni 407 taga kamayishiga erishilgan.
Binobarin, murojaatlar bilan ishlash jarayonining asosiy maqsadi – fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularga huquqiy, ma’muriy yoki amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, muhimi “Inson qadri uchun” tamoyilini tizimda o‘z aksini toptirishdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.