Rustam Oltinov asli buxorolik. Moliya sohasiga kuchli qiziqish va yetakchi mutaxassis bo‘lish istagi uni ummon ortiga boshladi – AQShning Missuri shtati Sent-Luis shahridagi Vebster universitetida iqtisodiyot bo‘yicha, keyinchalik ayni shtatning Sent-Charlz shahridagi Lindenvud universitetida biznes iqtisodiyot bo‘yicha ta’lim oldi. Tahsil asnosida global logistika kompaniyasi ITF Group’da tadqiqotchi, keyinchalik amaliyotchi sifatida faoliyat yuritdi, yaqindagina strategiya bo‘yicha maslahatchi, kichik moliyaviy tahlilchi darajasiga ko‘tarildi. Uning sun’iy idrok asosidagi moliyaviy ishlanmalari kompaniya samaradorligini oshirishga jiddiy hissa qo‘shmoqda.
Qolaversa, Rustam moliya sohasidagi eng nufuzli malaka unvoni – CFA’ning Level II bosqichiga nomzodlik qilmoqda.
UzA Rustam Oltinovni so‘zga tortib, hozirgi faoliyati, Amerikadagi tahsilning imkoniyat va mashaqqatlari, sun’iy idrok hamda rejalari xususida suhbatlashdi.
– Nega aynan moliya? Bu sohaqa qiziqish qanday boshlangan?
– Bolaligimda xonadonimizda iqtisodiy masalalarni muhokama qilishni yaxshi ko‘rishardi. Oilaviy davralarda bozordagi vaziyat, iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar haqida, albatta, so‘z ochilardi. Shunday suhbatlarni tinglab ulg‘ayarkanman, pul, biznes, moliyaga qiziqish uyg‘ondi. Keyinchalik Uoll-strit va moliya haqida filmlar tomosha qildim, bu iqtisodiyot va investitsiyalar olamiga bo‘lgan ishtiyoqni yanada kuchaytirdi. Aytishim mumkinki, meni moliya sohasiga sinfxonadagi ta’lim emas, aynan oilaviy suhbatlar yetaklagan.
13 yoshimda oilamiz kichik ishlab chiqarish korxonasini yo‘lga qo‘ydi, ammo uning faoliyati kasodlik bilan tugadi. Moliyaviy holatimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bu qiyin davrda biznesda kutilmagan holatlar qanchalik ko‘pligi, moliyaviy rejalashtirishning ahamiyatini chuqur tushunib yetganman. Bu shaxsiy tajriba moliyani bilim asosida boshqarishga, salbiy oqibatlarning oldini qanday olish mumkinligini tushunishga undagan. Bozor va narxlarning oilaviy biznesimizga, umuman iqtisodiyotga ta’sirini kuzatish asnosida iqtisodiyotni o‘rganish xohishi kuchayib bordi.
Oilamizda hech kim moliya sohasida ishlamagan, men bu yo‘nalishni tanlagan birinchi vakil edim. Ammo mustahkam akademik ildizlar men uchun tayanch vazifasini bajardi – bobom professor bo‘lgan, Buxoro davlat universitetiga rektorlik ham qilganlar. Uning o‘z sohasidagi yutuqlari tahsilga jiddiy yondashishim, har bir ishda mukammallikka intilishimda muhim rol o‘ynadi. Ota-onam ham intellektual qiziquvchanlik va mustaqillikni rag‘batlantirishardi. Bu o‘z qiziqishlarimga ergashish imkonini berdi. Va katta hajmli ma’lumotlarni tahlil qilish, muammolarga yechim izlash, murakkab tizimlarni tadqiq etishni yaxshi ko‘rishimni anglab yetdim.
– Besh yildan ziyoddirki AQSH ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishsiz, ikki nufuzli universitetda tahsil oldingiz. Bu mamlakat akademik muhitida qanday jihatlar e’tiboringizni tortdi?
– Amerika ta’lim tizimiga moslashishda eng qiyini tanqidiy fikrlashni o‘rganish bo‘lgan. Bizda takrorlash orqali yodlash asosiy o‘rganish uslubi bo‘lib qolgan. AQShdagi professorlar esa talabalardan fikrlarni shubhaga olishni, yangi g‘oyalarni, ularni dalillar bilan asoslantirishni talab qilishadi. Ochiq muhokamalar, ijodkorlik va jamoaviy ish rag‘batlantiriladi. Avvaliga odatlanishga qiynalgan bo‘lsam ham, keyinchalik bu men uchun o‘rganishning ajralmas qismiga aylandi.
Vebster va Lindenvud universitetlarida ekonometrika, makroiqtisodiyot va biznes hisobi kurslarida muhim saboqlarni oldim. Ekonometrika nazariyani real ma’lumotlar bilan bog‘lashga yordam beradi – statistik instrumentlardan foydalanib o‘zaro bog‘liqliklarni topish, yechimlarni dalillar bilan mustahkamlash mumkin. Makroiqtisodiyot siyosat, inflyatsiya va global bozor o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tushunishga yordam bergan. Biznes hisobi tahliliy fikrlashni o‘stirib, matemetik modellarning ishbilarmonlik va moliyaviy qarorlardagi rolini ko‘rsatib berdi. Bu saboqlarning umumiy natijasi shu bo‘ldiki, har qanday muammoga mantiq, aniqlik va ma’lumotlarga asoslangan mulohaza bilan yondashish ko‘nikmasiga ega bo‘ldim.
– Siz hozirda nomzodlik qilayotgan CFA malaka sertifikati juda yuqori darajadagi bilim va kuchli ko‘nikmalarni talab qiladi. Mazkur dasturda ishtirok qanday kechmoqda?
– CFA (Chartered Financial Analyst) xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritishga qaror qilganimning sababi – akademik bilimlar doirasidan chiqib, moliya sohasining chinakam amaliy jihatlarini egallashni istadim. Ushbu malaka dasturi investitsion va moliyaviy tahlil sohasida uzoq muddatli karyera qurish uchun zarur bo‘lgan professionalizm va tahlil salohiyatining global standartini belgilab beradi. Malaka sertifikatining ikkinchi bosqichiga tayyorlanish meni butkul yangi darajaga olib chiqdi – u sizga konsepsiyalarni o‘rganayotgan talaba emas, balki real hayotiy vaziyatlarda ma’lumotlar talqini, xatarlar boshqaruvi, qiymatni baholashga mas’ul shaxs sifatida qaror qabul qilishni o‘rgatadi. Bu intizomni mustahkamlaydi, global bozorlar haqidagi tasavvurni kengaytiradi, murakkab nazariyalarni amaliy xulosalar bilan bog‘lashni o‘rgatadi.
CFA dasturi doirasida Missuri shtatidagi eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Core&Main tahliliga qo‘l urganimiz eng foydali saboqni bergan; jamoamiz bilan DCF (diskontlangan pul oqimi), moliyaviy tahlil, strategik baholashni jamlagan to‘laqonli modelni ishlab chiqishimizga to‘g‘ri kelgan. Tag‘in bularning hammasini qisqa muddatda qilish kerak bo‘lgan. Taxmin va hisob-kitoblarda aniqlikka erishish, ishonarli investitsiya tarixini ishlab chiqish katta mehnat talab qilgan. Kompaniyaning uzoq muddatli salohiyati, raqobatdagi pozitsiyasi va xatarlarni investorlarda ishonch uyg‘otadigan tarzda tushuntirish kerak edi. Bu tajriba tahliliy tafakkur, jamoaviy hamkorlik va kommunikatsiya ko‘nikmalarini mustahkamladi.
– Siz ITF Group uchun ishlab chiqqan moliyaviy model qanday amaliy imkoniyatlarni taqdim etadi?
– ITF Group’da amaliyotchidan strategik maslahatchi darajasiga qadar bo‘lgan yo‘l tahlil va moslashuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirdi. Avvalboshdanoq moliyaviy ma’lumotlarni biznesdagi real ko‘rsatkichlar bilan bog‘lay olish va tez o‘rganish talab qilindi. Narxning shakllanishini tahlil qilish va harakat yo‘nalishini optimallashtirish uchun Excel va Python’da ilg‘or modellarni ishlab chiqdim, bu jamoaga ma’lumotlarga asoslanib oqilona qarorlar chiqarishga yordam berdi.
Yuk tashuv tarmog‘ida “optimal harakat yo‘nalishlari yo‘l xaritasi”ni tatbiq etish orqali haydovchilarning harakat yo‘nalishlarini optimallashtirib, unumdorlikni oshirdik – men ishlab chiqqan model ekspluatatsion chiqimlarni sezilarli qisqartirdi.
Narxni shakllantirish va operatsion faoliyatda sun’iy idrokni integratsiya qilish menga ishonib topshirilgani karyeramda eng muhim vazifa va katta mas’uliyat bo‘ldi. Buni shunchaki texnik loyiha sifatida emas, balki jamoaning ish uslublari va qaror qabul qilish jarayonini qayta ko‘rib chiqish imkoni o‘laroq qabul qildim. Maqsadim – sun’iy idrok orqali takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirish, bundan tashqari, bo‘linmalararo samaradorlik, aniqlik va o‘zaro aloqa sifatini oshirish. Bu men uchun texnologiya kuchini insonga xos ziyraklik bilan uyg‘unlashtirishda katta tajriba berdi. Sun’iy idrokning asl qiymati – uning insonlarga yanada yuqori darajadagi ma’lumotlar tahlili va strategik fikrlashga diqqat qaratish imkonini berishida.
Sodda qilib tushuntirsam, men ishlab chiqqan modellar kompaniyaga yaxshi daromad keltiradigan jo‘natmalar va marjani eng maqbul tarzda muvofiqlashtirishga yordam beradi. Model o‘tgan davr uchun xarajatlar tuzilmasi, mijozlarning marja bo‘yicha kutuvlarini tahlil qilib, eng to‘g‘ri harakat yo‘nalishi va narx strategiyasini aniqlaydi. Bu vositalar menejerlarga yuklama taqsimotidan tortib bozordagi turli sharoitlarda daromadlilikni bashoratlashgacha bo‘lgan har xil jabhalarda oqilona qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi. Mohiyatan, mening bosh maqsadim – ma’lumotlar odamlar uchun xizmat qilsin; murakkab ma’lumotlarni ham samarani, ham daromadni, ham sifatni oshiruvchi aniq g‘oyalarga aylantira olsin.
– Moliya sohasida qimmatli mutaxassis bo‘lishning asosiy sharti nima, sizningcha?
– Moliya sohasini tanlagan yoshlarda bitta amaliy ko‘nikmani shakllantirishim mumkin bo‘lganida, ularga ma’lumotlarni o‘qish va tahlil qilishni o‘rgatgan bo‘lardim. Bank, investitsiya, logistika, konsalting – qaysiki sohada ishlamang, hammasi raqamlarni tushunish va ularni aniq qarorlarga aylantirishga borib taqaladi. Sodda moliyaviy modellarni qurish, tendensiyalarni talqin qilish, xatarlarni baholay olish real ustunlik beradi. Bu ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassis muammolarga tezkor yechim topadi, g‘oyalarni ishonch bilan taqdim qiladi, zamonaviy moliya makonida har qanday vaziyatda tez moslasha oladi.
Hozir xorijda tahsil olish yoki karyera qurish uchun zo‘r imkoniyatlar bisyor. Stipendiya, grant dasturlari, ish takliflari har qachongidan ham ko‘p. Yoshlar qilishi kerak bo‘lgan birgina ish – harakat va bu imkoniyatlardan unumli foydalanish. Maqsaddan chalg‘imaslik, bilimni o‘rganish va tatbiq etishdagi izchillik va o‘z salohiyatiga ishonch orqali o‘ylaganlaridan ham kattaroq natijalarga erishishlari mumkin.
Ko‘pchilik o‘zbek talabalari xorijda yaxshi ish topish xuddi o‘zimizdagi kabi deb o‘ylashadi. Aslida hammasi boshqacha. AQShda yaxshi kompaniyaga joylashishning o‘zi bo‘lmaydi. Raqobat juda yuqori. Qog‘ozdagi baholaringizdan ko‘ra aloqalar muhimroq. Munosabatlarni yo‘lga qo‘ya olish, sohangiz vakillari bilan muloqot, kampusdagi faollik akademik ko‘rsatkichlaridan ko‘ra kattaroq kuchga ega. Buni avvalboshdanoq idrok etish karyeradagi muvaffaqiyatda muhim o‘rin tutadi.

– Akademik izlanishlar, yirik xalqaro kompaniyada ishlash mas’uliyati, doimiy o‘qib o‘rganish zarurati… Sizni nima harakatga undaydi, ishtiyoq bag‘ishlaydi?
– Universitetning birinchi bosqichida juda og‘ir davrni boshdan kechirganman. Shunchalik umidsizlikka tushib qolgandimki, uyga qaytish uchun chipta ham sotib olganman. Parvozga bir hafta qolganida yolg‘izlikda o‘tirgancha o‘zimni so‘roqqa tutdim: nega AQShga kelgandim o‘zi? Shuncha orzular, maqsadlar, qurbonliklar. Birinchi jiddiy to‘siq qarshisidayoq taslim bo‘lsam, o‘zim orzu qilgan insonga aylana olamanmi? Bu fikr barini o‘zgartirib yubordi. Chiptani bekor qildim, boshlagan ishimni yakuniga yetkazishga o‘zimga so‘z berdim. Bu davrda chidamlilikning ahamiyatini chuqur his qildim. Yodimda, bir kuni CFA materiallari va darsliklariga ko‘milgancha allamahalda uyg‘oq o‘tirganimda o‘zimni juda tushkun his qildim. Ammo shunda ham maqsaddan voz kechishni xayolimga keltirganim yo‘q. Shu lahzada tushundimki, muvaffaqiyat faqat iste’dod va bilimni emas, balki intizom, fidoyilik va chidamlilikni ham talab qiladi. Qiyin vaziyatlarda ota-onamning mendan umidlari, ko‘rsatayotgan qo‘llovlarini o‘ylab, kuch olaman. Ularning ishonchi umidsizlanishga, chekinishga yo‘l bermaydi.
– Kelgusida O‘zbekiston bilan bog‘liq qanday reja yoki loyihalarni ko‘zlayapsiz?
– O‘zbekistonda logistika va moliya sektorlari ma’lumotlar tahlili va sun’iy idrok ommalashishi barobarida modernizatsiyalashib boradi. Bu texnologiyalar narxni shakllantirish, prognozlash, ta’minot zanjiri samaradorligidan tortib moliyaviy qarorlarni qabul qilishgacha – barchasini sifat jihatdan yaxshilay oladi. Maqsadim – sohani shaffofroq, samaraliroq, raobatbardoshroq qila oladigan moliyaviy modellar, raqamli instrumentlar va tahliliy tizimlarni ishlab chiqish orqali bu tranformatsiyaga o‘z hissamni qo‘shish.
Xorijda erishgan bilim va tajribamni O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq qilish va kompaniyalarga jahon miqyosidagi ilg‘or tashkilotlarning sifat darajasiga yetishda ko‘maklashmoqchiman.
Saodat Abdurahmonova