Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mallaboy” mahallasida 93 foiz xonadonda issiqxona bor
15:53 / 2021-02-03

Jahon agrar sohasi juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bu o‘zgarishlarni maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan odam tushunmasligi ham tabiiy hol, albatta.

Shu bois, har bir davlat uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda. Har bir davlat bu yo‘nalishda o‘zining texnik taraqqiyotiga ko‘ra ish tutmoqda. Ayrim davlatlarda sun’iy go‘sht mahsulotlari yetishtirishga million-million sarmoya kiritilayotganligi ham hech kimga sir emas. Aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun nima qilishi kerak, degan savolga javob yo‘q. Chunki, har bir davlat o‘zining imkoniyatlaridan kelib chiqib harakat qiladi.

O‘zbekiston imkoniyatlariga ko‘ra, bu borada o‘ziga xos yo‘l tanladi. Bu yo‘lni oddiygina qilib tushuntirsak, xalqimiz uchun, zamonaviy til bilan aytganda an’anaviy bo‘lgan tomorqa dehqonchiligiga e’tibor qaratildi. Tomorqa madaniyati xalqimizning qon-qoniga singib ketgan va bu holat oddiygina “tirikchilik”, deb ham nomlanadi. Endi shu an’anaga yangi kuch berib, tomorqani nafaqat tirikchilik, balki tom ma’nodagi boylik manbaiga aylantirish ehtiyoji yuzaga keldi.  

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Bu ishlarni bir so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Buning uchun Kengash hayoti bilan yashab ko‘rish kerak.  

Oddiygina misol, kuni kecha kengash mas’ul xodimlari Toshkent viloyati Bekobod tumanining “Mallaboy” mahallasida amaliy seminar o‘tkazdi.

“Mallaboy” mahallasi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida karam va baqlajon yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, mavjud 475 ta xonadondan 426 tasida, yoki 93 foiz xonadondagi issiqxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradi.  

– O‘tkazilgan seminar yakunida qolgan 40 ta xonadonda ham issiqxonalar qurib berishga kelishildi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Vafo Latipov. 

– Ana shunda ular yetishtirgan mahsulotlar xalqimiz dasturxonini obod qiladi. Bu yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi hamda ko‘nglimizga “kimningdir xonadonini obod qilishga o‘z hissamizni qo‘shdik-ku”, degan taskin beradi.