English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malinachilik kooperatsiyasida istiqbolli rejalar bisyor
18:31 / 2022-09-19

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani aholisining malina yetishtirishda katta tajribaga ega ekanligi barchamizga ma’lum. Keyingi yillarda bu hududda malinachilik kooperatsiyalari va malinachilik klasterini shakllantirish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida amaliy ishlarning boshlangani hudud aholisi uchun ayni muddao bo‘ldi.

Abdug‘affor Mamajonov rahbarligidagi “Vodil Dovudbek” meva-sabzavotchilik klasteri qoshida 41 gektar maydonda malinachilik kooperatsiyasi tashkil etilib, 280 nafar ishsiz xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Ularga 15 sotixdan yer maydonlari auksion orqali 10 yillik ijara shartnomasi asosida berildi.

Shuningdek, Elyorbek Nishonov rahbarligidagi “Vodiy Raspberry” malinachilik kooperatsiyasida 80 nafar xotin-qizlar malina yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

Joriy yil har ikkala kooperatsiya tomonidan mamlakatimiz ichki bozorlariga 50 tonnaga yaqin malina yetkazib berildi. Yaqin istiqbolda qurilishi boshlangan 200 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxonani yakunlash va ishga tushirib, malinani saqlash, qayta ishlash hamda eksportga jo‘natish kabi rejalar amalga oshsa, yana o‘nlab, yuzlab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanajak.

Kuni-kecha kooperatsiya usulida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha viloyat shtabi a’zosi Rasuljon Rahimov tumanning malina yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalarida bo‘lib, xonadon egalari bilan malina yetishtirish, uning iqtisodiy samaradorligi haqida muloqot qildi. Shuningdek, malinachilik kooperatsiyalarini kengaytirish bo‘yicha mas’ullar bilan suhbatlashdi.

Shohsulton To‘xtamatov,

jurnalist