Mali BMTning barqarorlashtirish bo‘yicha Ko‘p tarmoqli kompleks missiyasi (MINUSMA) matbuot kotibini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi, deb xabar tarqatdi mamlakat tashqi ishlar vazirligi.
Bayonotda keltirilishicha, ushbu chora tashkilot matbuot kotibi Olive Salgadoning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan maqolasi maqsadga muvofiq bo‘lmagani uchun qo‘llanildi. Maqolada hech qanday dalillarsiz Kot-d'Ivuardan 49 nafar harbiy xizmatchi 10 iyulda Mali poytaxti Bamako aeroportiga fuqaro reysida kelgani haqida hukumat oldindan xabador qilingan, deb yozgan.
Bundan tashqari, MINUSMA matbuot kotibi ushbu xabarga dalil keltirishi yoki yolg‘onligini tasdiqlab raddiya bildirishini so‘rab jo‘natilgan rasmiy so‘rovga ham javob bermagani aytiladi.
O‘tgan haftada Mali hukumati BMTning tinchlik o‘rnatuvchi harbiy missiyasi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygani haqida ma’lum qilgandi. Ushbu qarorning qabul qilinishiga BMT missiyasi doirasida Maliga Kot-d'Ivuardan kelgan 49 nafar harbiyning hibsga olingani sabab bo‘ldi. Mali hukumatining ma’lum qilishicha, ular yollangan harbiylar hisoblanib, Malida davlat to‘ntarishini rejalashtirgan bo‘lishi mumkin.
2012 yilda Malida hukumat qo‘shinlari bilan turli ayirmachi jangari guruhlar o‘rtasida harbiy mojarolar boshlangan edi.
2021 yilda Mali harbiylari vaqtli Prezident bo‘lib turgan Ba Ndauni hamda bosh vazir Moktara Uanani hibsga olib poytaxt Bamako yaqinidagi harbiy bazaga keltirishdi. Shundan keyin mamlakat Vitse-prezidenti Assimi Goita prezident va bosh vazirni o‘tish davri qoidalariga amal qilmaganlikda ayblab, lavozimidan ozod etgani haqida bayonot berdi va Goita rahbarligidagi harbiy kengash mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘llariga oldi. Mali Konstitutsion sudi Goitani o‘tish davri Prezidenti etib tayinladi.