Maldiv orollari Prezidenti Muhammad Muiz seshanba kuni parlament tomonidan taqdim qilingan Isroil pasporti egalarining mamlakatga kirishini taqiqlovchi rezolyutsiyani ratifikatsiya qildi.
Davlat rahbari internet sahifasida yozilishicha, ushbu qaror hukumatning Falastin xalqiga qarshi davom etayotgan harakatga javoban qat’iy pozitsiyasini aks ettiradi.
– Maldiv Respublikasi Falastin da’vosi bilan birdamlikda sobitligi, ushbu xalq huquqini ilgari surish va himoya qilishga sodiqligini tasdiqlaydi, – deyilgan bayonotda. – Orollar xalqaro huquqni buzganligi uchun Isroilni javobgarlikka tortish zarurligini yana bir bor takrorlaydi. Turli xalqaro forumlar orqali Tel Avivning harakatini so‘zsiz qoralash, BMT tegishli hujjatlari va xalqaro huquqiy standartga muvofiq, 1967 yilgacha bo‘lgan chegaraga asoslangan, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren Falastin davlati barpo etilishi prinsipial qo‘llab-quvvatlanishini tasdiqlashda davom etadi.

Muiz idorasi vakili AFP muxbiriga taqiq darhol kuchga kirishini bildirdi. 1192 marjon oroldan iborat mitti islom respublikasi – Maldiv betakror oq qumli plyajlari va boshqa turli go‘zal dam olish manzillari bilan mashhur.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, fevral oyida arxipelagga borgan 214 000 chet ellik sayyohdan 59 nafari isroillik ekan. O‘tgan yil esa bu raqam 11 000, ya’ni orollarga tashrif buyurgan turistlarning atigi 0,6 foizini tashkil qilgan.
M.Pirmatova, O‘zA