O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning Malayziya Halollik instituti Bosh ijrochi direktori Rahmon bin Moxd Din bilan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv kun tartibiga davlat xizmatida halollik standartlarining joriy etilishi va Malayziya tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish masalalari kiritildi.
Malayziyada joriy etilgan “Davlat xizmatchisining halollik profili”, “Halollikni baholash testi” hamda “Korporativ halollik tizimi boshqaruvi” loyihalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun: “Davlat xizmatchisining halollik profili” sun’iy intellekt yordamida qo‘llaniladigan amaliyot bo‘lib, u barcha davlat xizmatchilari uchun joriy etilgan.
O‘z o‘rnida, Agentlik direktori mazkur yo‘nalishda davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va idoralar faoliyatini reyting baholash tizimi mavjudligini aytib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar Malayziyaning halollikni baholash bo‘yicha ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etish masalasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Shuningdek, ikki idora o‘rtasida hamkorlikka oid hujjat ishlab chiqilishi va imzolanishi belgilandi.
–Bugun biz O‘zbekiston delegatsiyasi, aynan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari va vakillari bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkazdik, – dedi Malayziya Halollik instituti Ijrochi direktori Rahmon bin Moxd Din. – Unda Halollik instituti tomonidan yurtimizda tatbiq etilgan halollik vositalari, jumladan, halollikni baholash vositalarini O‘zbekistonda ham joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz. Umid qilamanki, o‘tkazilgan uchrashuvimiz kelgusida ikki idora o‘rtasida hamkorlik kelishuvlarining imzolanishiga va yaqindan hamkorlik rishtalarining o‘rnatilishiga zamin yaratadi.
N.Abduraimova,
O‘zA