Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malayziyalik professor-o‘qituvchilar Termizda dars o‘tadi
10:45 / 2023-09-12

Termiz davlat universitetida Malayziyaning Perlis, Utara, Terenganu universitetlarining bir guruh professor–o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilib, sifatli o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar yaratish, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida puxta o‘zaro foydali integratsiyani tashkil etish yuzasidan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Nufuzli xorij oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda. Oliy ta’limda mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtiroki yanada kengaytirilyapti.  

Jumladan, bundan olti yil muqaddam Surxondaryoda yagona bo‘lgan Termiz davlat universitetida 7 mingga yaqin talaba ta’lim olgan bo‘lsa, ayni paytda vohadagi oltita davlat va bitta nodavlat oliy ta’lim muassasasida malakali kadrlar tayyorlamoqda. Vohadagi oliy ta’lim dargohlarida 50 mingdan ortiq yigit-qiz o‘zlari tanlagan soha sirlarini qunt bilan o‘rganayotir. Ularning 28 mingga yaqini Termiz davlat universitetida tahsil olmoqda.  

Termiz davlat universitetida 11 ta fakultet, 48 ta kafedra mavjud. Ularda 780 dan ortiq professor-o‘qituvchi talabalarga ilm-fan sirlarini qunt bilan o‘rgatayotir. Universitet qoshida faoliyat yuritayotgan oltita ilmiy kengashda hududdagi barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy tadqiqotchilari ilmiy ishlarini himoya qilmoqda. Shuningdek, ta’lim dargohida talabalarning o‘qishi, o‘z salohiyatini keng namoyish etishi va ilmiy tadqiqotchilarning izlanish olib borishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.  

Uchrashuvda mehmonlar Malayziya oliy ta’lim tizimi va oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga oid taqdimotlarni o‘tkazdi. Ilm-fan va kadrlar tayyorlash sohasida erishilayotgan yutuqlar aks etgan videolavhalarni namoyish etdi.  

Joriy yil may oyining so‘nggi o‘n kunligida Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyada xizmat safarida bo‘lib, oliy ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdi. O‘zaro tajriba almashib, Perlis, Utara, Terenganu universitetlari talabalari, magistrantlari va universitetlar xodimlariga o‘z ilmiy sohalari bo‘yicha dars o‘tdi.  

Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvlarda ilmiy va akademik hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muzokaralar chog‘ida matematika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha qo‘shma diplomli yo‘nalish ochish, matematika, biologiya va kimyo fanlari bo‘yicha mos keladigan qo‘shma grantlarni amalga oshirish, xodimlarning fikr almashuvini, magistrantlar va doktorantlarning ilmiy ishlariga qo‘shma rahbarlik faoliyatini joriy etish, hamkorlikda ilmiy maqolalar chop etish, talabalarning kredit almashuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan memorandum imzolandi.  Malayziyadagi Terenganu universitetining ingliz tili markazini Termiz davlat universitetida ham ochib, ingliz tili o‘qituvchilarini Surxondaryoga taklif etish orqali ilmiy xodimlar va aspirantlarning ingliz tilini o‘zlashtirishini yuksak saviyaga olib chiqish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.  

–Termiz davlat universitetiga kelgan ilk kunimizdanoq bizni iliq kutib olishganidan quvondik,– deydi Perlis universiteti professori, delegatsiya rahbari Anvar Mat Safar. – Bugungi uchrashuvda o‘zaro tanishib, kelgusi hamkorliklarni ham muhokama etdik. Hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, professor–o‘qituvchilar va talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, “Ikki hudud–ikki dastur” doirasida ikki yil Termiz davlat universitetida, ikki yil Malayziyada o‘qishni davom ettirish orqali dual dasturlarga erishish masalalarini ham ko‘rib chiqdik. Termizda ilk marta bo‘lishim. TerDUda yaratilgan sharoitlar iliq taassurot uyg‘otdi. Ta’lim tizimimizda ham o‘xshashliklar mavjudligi ko‘zga tashlandi.

–O‘zbekistonning Malayziya davlati bilan ilm-fan sohasida aloqalari kengayib bormoqda,–deydi fizika-matematika fanlari doktori Zayniddin Eshquvvatov.– Asli Samarqanddanman. Malayziyada ishlayotganimga qariyb 20 yil bo‘ldi. Hozir Terenganu universitetida talabalarga saboq beraman. Bizning Surxondaryoga kelishimiz Termiz davlat universiteti delegatsiyasining shu yil may oyidagi Malayziyaga safari natijasidir. Shunga muvofiq biz universitet bilan yaqindan tanishib, talabalarga dars o‘tamiz. Professor-o‘qituvchilar bilan o‘zaro tajriba almashib, hamkorlikda ilmiy ishlarni amalga oshiramiz. Birgalikda ilmiy maqolalar tayyorlaymiz. O‘ylaymanki, bu ishimiz kelajakda o‘z samarasini beradi.  

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdi.  

Malayziyalik professor–o‘qituvchilar 24 sentyabrgacha Termiz davlat universitetida bo‘ladi. Hamkorlik doirasidagi ishlarni amalga oshirib, ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha talaba-yoshlarga saboq beradi. O‘tmishda ham ilm-fan o‘chog‘i bo‘lgan Surxon vohasining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishadi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri