O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish va ishdan bo‘shatish nafaqasini Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lash mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda mamlakatimiz mutaxassislaridan iborat delegatsiya xalqaro tajriba o‘rganish va tizimni takomillashtirish uchun Malayziyaga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibiga Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning huzuridagi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari kiritildi. Tashrif Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etildi.

Safarning ilk kuni Malayziyada davlat ijtimoiy sug‘urtasi va ishni yo‘qotish holatida sug‘urtalash tizimining institutsional tuzilishi, boshqaruv amaliyoti va amaliy mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Malayziya Inson resurslari vazirligi, Ijtimoiy himoya tashkiloti (PERKESO), Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Inson resurslarini rivojlantirish korporatsiyasi hamda boshqa tegishli idora va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot davomida davlat siyosatini shakllantirish, sug‘urta badallarini administrasiya qilish va to‘lovlarni amalga oshirishda vakolatlarni aniq taqsimlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishdan bo‘shatish holatida ijtimoiy sug‘urtaning fuqarolar daromadlarini himoya qilishdagi roli alohida ta’kidlandi.

Malayziya tajribasi O‘zbekistonda “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunning uchinchi bosqichini amalga oshirishda qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, ishdan bo‘shatish holatida nafaqalarni Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lash tizimida moliyaviy barqarorlik, ijtimoiy adolat va rasmiy bandlikni rag‘batlantirish prinsiplari inobatga olinadi.
Safar doirasida olingan xalqaro tajriba davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish va nafaqalarni vaqtida va adolatli tarzda to‘lashda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, tizimning institutsional tuzilishi va boshqaruv amaliyotini takomillashtirish orqali fuqarolarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash imkoniyatlari yaratilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA