Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malayziyadagi vatandoshlarimiz ham saylovda faol
16:00 / 2024-10-27

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 26-saylov uchastkasida ham ovoz berish jarayoni davom etyapti.

Kuala-Lumpurdagi saylov xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz o‘rtasida birinchilardan bo‘lib – mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8.00, Toshkent vaqti bilan soat 5.00 da davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlandi.

Mazkur muhim siyosiy jarayonda Malayziya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz ishtirok etmoqda.

Saylovda qatnashayotgan vatandoshlarimiz, garchi, olisda bo‘lsalar-da, yurtimiz kelajagiga befarq emasliklarini, ular berayotgan har bir ovoz O‘zbekistonning gullab-yashnashiga, o‘zbek xalqi farovonligini ta’minlashga hissa bo‘lib qo‘shishini faxr bilan ta’kidlamoqda.

Elchixonada tashkil etilgan saylov uchastkasi mavjud siyosiy partiyalar dasturlari va boshqa tegishli targ‘ibot materiallari bilan jihozlangan.

Qonunchilikka binoan, Malayziyadagi saylov mahalliy vaqt bilan soat 20.00 - Toshkent vaqti bilan 17.00 ga qadar davom etadi.

O‘tkir Alimov, O‘zA