English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malayziya va Indoneziyadan jalb qilingan har bir sayyoh uchun subsidiya beriladi
14:34 / 2026-01-12

Turizm sohasini rivojlantirish bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda milliy madaniy merosni jahonga targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qadimiy tarix, boy an’analar va noyob tabiiy manzaralarga ega yurtimizda turizm salohiyatidan samarali foydalanish orqali ichki va tashqi sayyohlar oqimini oshirish mumkin.  

Shu bois, sohaga investitsiya jalb etish, infratuzilmani takomillashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Joriy yil 9 yanvarda qabul qilingan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida bir qancha vazifalar belgilandi.

Xususan, 2026-2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan "ziyorat turizmi" yo‘nalishida sayyohlar oqimi 100 ming nafarga yetkaziladi.  2026 yil yakunigacha Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi asosida sayyohlarni jalb qilayotgan turoperatorlarga Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.  

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Malayziya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.  

Bundan tashqari, malayziyalik va indoneziyalik sayohatchilarning Ramazon hayiti va Qurbon hayiti bayramlarini O‘zbekistonda o‘tkazishi yuzasidan choralar ko‘riladi. Malayziya va Indoneziyada “Imom Buxoriy izidan” va “Ramazonni O‘zbekistonda o‘tkaz” tematik turizm targ‘iboti kampaniyalari tashkil etiladi. Malayziyaning musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan hududlarida ziyorat turizmi bo‘yicha alohida roadshoular tashkil etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA