French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malayziya universitetlari bilan hamkorlik
16:05 / 2025-07-15

Prezidentimizning Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan rektorlar forumi natijasida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qator muhim kelishuvlar imzolangan edi. Shuningdek, ushbu forumda Buxoro davlat texnika universiteti va Malayziyaning bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Yashil tadqiqotlar” ilmiy markazi bilan hamkorlik o‘rnatildi.

– Mamlakatmizda texnik ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi, – deydi Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova. – Mazkur tashabbuslarda belgilangan ustuvor vazifalardan biri universitetni “yashil universitet”ga aylantirishdan iborat. Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida universitetimiz tomonidan Malayziyadan malakali mutaxassislar jalb etilib, bir qator ilmiy-amaliy loyihalar va tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, ekologiyani asrash yo‘lida texnik va ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Quyosh shamol va biomassaga oid qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha tajriba loyihalari, atrof-muhit monitoringi hamda ekologik xavfsizlikka oid ishlanmalar rivojlantirilmoqda. “Yashil texnologiyalar”, energiya tejovchi qurilmalar, raqamli yechimlar orqali resurslar samaradorligi oshirish atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish ishlar amalga oshirilmoqda. 

[gallery-24325]

Shu bilan birga, Buxoro davlat texnika universiteti va Malayziya Malaka texnik universiteti, Tun Hussein Onn Universiteti, Perlis universiteti, Malayziya UPSI universiteti rahbarlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda olima ayollarning akademik mobillik dasturini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqot markazi, spin-off loyihalar, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish metodikasini joriy etish masalalari muhokama qilindi. 

“Mashinasozlik texnologiyasi” yo‘nalishida “1+1” magistratura formati asosida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish va talabalar uchun grantlar ajratish bo‘yicha Memorandum imzolandi. Bundan tashqari, muqobil energiya va turizm sohalarida ham hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu hamkorliklar Buxoro davlat texnika universitetining xalqaro miqyosda obro‘si va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi hamda yosh mutaxassislarning sifatli ta’lim olishiga keng imkoniyatlar yaratadi.

– Oliy ta’lim vazirligi tomonidan Malayziyada bo‘lib o‘tgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvi hamda Malayziyadagi Forumning davomida ikki davlat o‘rtasida bir qator kelishuvlarga erishilgan edi, –deydi Malayziya Sulton Idris universiteti professori Zalina Zulkifli. Hozir men Buxoro davlat texnika universitetida bo‘lib turibman. Malayziyaning Sulton Idris Universiteti hamda Buxoro davlat texnika universiteti birgalikda yashil qo‘mitani tashkil qilish yuzasidan rejalar ishlab chiqmoqdamiz. Bu nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyoda ham tashkil qilinadi. Men bugun Buxoroda bu borada yetarli darajada infratuzilma shakllanganiga guvoh bo‘ldim. Bu joyda biz faqat o‘z tavsiyalarimiz bilan o‘rtoqlashyapmiz. Hozirda ilmiy tadqiqot ishlarining aksariyati aynan yashil texnologiyalarga qaratilgani e’tiborimni tortdi. Quyosh energiyasidan keng foydalangan holda yashil tashabbusli menejment tizimini yo‘lga qo‘yish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. 

Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, Buxoro davlat texnika universiteti barqaror rivojlanish talablariga javob beradigan “yashil universitet”ga aylanishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Ushbu yo‘nalishda universitetda “Yashil tadqiqotlar” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, atrof-muhitni muhofaza qilish va energiya samaradorligi borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

– O‘ylaymanki, bugun juda katta jarayonni boshlash arafasidamiz, –deydi Malayziya Sulton Idris universiteti bosh menejeri Mohd Nasri Sahareye. – Bizni Buxoro davlat texnika universitetida yashil oliygoh loyihasini amalga oshirish uchun bu qadar yaxshi imkoniyatlar borligini ko‘rib xursand bo‘ldik. Biz har bir bo‘lim faoliyati bilan 4 kun davomida batafsil tanishdik. Hozirgi tadqiqotlarning katta qismi aynan yashil energetika, yashil texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilishga qaratilgan. Endigina universitet maqomini olgan oliy ta’lim muassasasida jadal suratlar bilan o‘sishni kuzatdik. Biz ilgari bu borada Yaponiya tajribasini ko‘p jihatdan namuna qilib ko‘rsatib kelganmiz. Ammo, bugun O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasi Yashil fikrlash, Yashil g‘oyalar asosida ishlarni tashkil qilishda namuna bo‘ladigan ishlarni amalga oshiryapti.

Chindanda, bugungi kunda barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlik masalalari har bir davlat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham eng dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylangan. Shunday sharoitda oliy ta’lim muassasalarining atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya tejash va yashil texnologiyalarni qo‘llash borasidagi faoliyati katta ahamiyat kasb etadi. 

Buxoro davlat texnika universiteti o‘zining ilmiy salohiyati, innovatsion yondashuvi va xalqaro hamkorliklari bilan mamlakatda “Yashil universitet” sifatida e’tirof etilmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar nafaqat universitet salohiyatini oshirishga, balki butun O‘zbekiston uchun barqaror va ekologik xavfsiz kelajakni yaratishga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.