Kecha Malayziya Oliy sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Najib Razzoqni “1MDB” davlat fondidagi ko‘p milliard dollarlik firibgarlik mojarosida roli tufayli hokimiyatni suiiste’mol qilish va pul yuvish bo‘yicha jami 21 jinoiy ishda aybdor deb topib, 15 yil qamoq jazosiga hukm qildi.
Shuningdek, sudya Kollin Lourens Sekera unga 11,4 milliard ringit (2,82 milliard AQSH dollari) miqdorida jarima ham belgiladi.
Sud hukmining asoslovchi qismida keltirilishicha, ayblanuvchining bu ishlar “siyosiy sabablar bilan uyushtirilgan ta’qib” degan da’volari qat’iy va inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan rad etilgan. Ayblanuvchi N.Razzoq yuzlab million AQSH dollari nega uning shaxsiy bank hisobiga kelib tushganini ham izohlab bera olmagan.
Ma’lumot o‘rnida: Najib Razzoq 2009 – 2018 yillarda Malayziya bosh vaziri lavozimida ishlagan. U 2020 yil iyul oyida hokimiyatni suiiste’mol qilgani uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. O‘tgan yilning fevral oyida Najibning jazo muddati 12 yildan 6 yilga qisqartirildi. Ayni paytda 72 yoshli sobiq bosh vazir qamoq muddatining qolgan qismini o‘tab kelmoqda. To‘rt kun avval sud uning qolgan muddatini uy qamog‘iga almashtirish haqidagi iltimosini rad etdi.
O‘.Alimov, O‘zA