Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziya Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohammad bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlarni, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda O‘zbekiston va Malayziyani tarixiy rishtalar, madaniy va ma’naviy qadriyatlarning yaqinligi bog‘lab turishi, so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodalari, oliy darajadagi uchrashuvlari tufayli o‘zaro aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida ushbu mamlakatga, Malayziya Bosh vazirining o‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga tarixiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlab, ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Suhbat chog‘ida mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

O‘z navbatida, Nur Jazlan Mohammad iliq va do‘stona munosabat uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotganini qayd etdi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga amalga oshirgan tashrifi hamkorlik tarixida muhim voqea bo‘ldi. Biz davlat rahbari boshchiligida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish tarafdorimiz, — dedi Malayziya Senati raisi o‘rinbosari.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va faollashtirish muhimligi, bunda parlament diplomatiyasi salohiyatidan samarali foydalanish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish lozimligi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA