Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malayziya kompaniyasi Sirdaryoda filialini ochadi
17:55 / 2024-10-08

Malayziyaning sertifikatlash, maslahat xizmatlari va inkubatsiya dasturlariga ixtisoslashgan “GET Academy” kompaniyasi rahbari Ganesh Kumar Sirdaryoga tashrifi doirasida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bilan IT sohasini rivojlantirish, ta’lim, yosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishidagi sheriklik munosabatlari, qator istiqbolli loyihalar xususida atroflicha fikr almashdi.

Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyat rahbari uchrashuv davomida IT sohasi, sun’iy intellekt hozirgi vaqtda texnologik taraqqiyotning asosiy katalizatori, kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurganini ta’kidlab, bu borada qanday yangi va dolzarb takliflar bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Ganesh Kumar esa tajriba va resurslarini Sirdaryo viloyati bilan bo‘lishishga tayyorligini aytib, bu yerda kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini aytib, mahalliy startaplar, inkubatorlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z rejalarini bayon etgan.

“GET Academy” faoliyatini endigina boshlayotgan kompaniyalarga xalqaro bozorga chiqish bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tishda ko‘maklashish uchun brending va marketing xizmatlarini bepul taqdim etadi.Innovatsion muhitni yaratish orqali tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish uchun resurslar, murabbiylik va bozor tahlilini taklif qiladi.
Muzokara yakunida Sirdaryoda kompaniya filialini ochishga kelishib olindi.

G‘ulom Primov, Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari