O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Mutiara Perlis Sdn Bhd kompaniyasi direktorlar kengashining ijrochi raisi Shabaruddin Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tomonlar O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo bilan bog‘lovchi transport yo‘laklarini takomillashtirish istiqbollari hamda yangi yo‘nalishlarni ochish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, mintaqada tashqi savdo aylanmasini oshirishga sezilarli darajada hissa qo‘shadigan «Qoshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalal-obod – Andijon» temir yo‘li va Transafg‘on avtomobil yo‘li loyihalarining muhim ahamiyati qayd etildi.
Mamlakatimizning tranzit salohiyati va Malayziya kompaniyasining qurilish sohasidagi ko‘p yillik tajribasini inobatga olib, Andijon viloyatida quruqlik portlarini qurish loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga e’tibor qaratildi. Malayziya kompaniyasi vakili O‘zbekistonda bunday loyihaga qiziqish bildirib, hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Mutiara Perlis Sdn Bhd kompaniyasi 2018 yilda davlat xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan bo‘lib, Malayziya, jumladan Perlis shtatida yirik logistika va energetika loyihalarini amalga oshiradi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA