Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkaziladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratildi hamda malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.
2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida malaka toifalari berishning mazkur yangi tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Unda 4 123 nafar pedagog ishtirok etdi. Joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov jarayonlari mamlakatimiz miqyosida 2024-yil 15-aprel kuni boshlandi hamda may oyining yakuniga qadar davom etadi.
Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi. Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.
[gallery-16939]
Aytish lozimki, vazirlik tomonidan attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish va pedagoglarga malaka toifasini berishning yangi tartibi – pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ishlab chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi.
Sirdaryo viloyatida ham malaka (test) sinovlari Guliston shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi binosida bo‘lib o‘tmoqda. Malaka sinovlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari A.V.Shin ishtirok etmoqda. Sinov jarayonlarining sifatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha shart-sharoit yaratilgan.
Jumladan, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, nazorat o‘tish joylari tashkil etilgan. Shuningdek, kutish xonalari, hamshira xonasi, ona va bola xonasi shular jumlasidan.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos.
Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev,(surat), O‘zA muxbirlari