Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov Sloveniya Bandlik agentligi bosh direktori – Jahon davlat bandlik xizmatlari assotsiatsiyasi prezidenti Greta Metka bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda fuqarolarga bandlik xizmatlarini ko‘rsatishda tajriba almashish, ilg‘or innovatsion yondashuvlarni o‘rganish, shuningdek, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishda ishsiz fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish va Sloveniya davlati mehnat bozoriga malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Bu bo‘yicha xorijiy tajriba asosida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratilib, Sloveniyaning kasbiy standartlarini O‘zbekistondagi kasb-hunar sohasi tizimiga integratsiya qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Sloveniyaning yirik ish beruvchilari buyurtmalari asosida kerakli kasblar bo‘yicha Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA