Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malakali mutaxassislar soha taraqqiyotini belgilaydi
15:08 / 2022-02-28

Navoiy viloyati o‘zining turizm salohiyati bilan boshqa hududlardan ajralib turadi.

bugungi kunda viloyatdagi ko‘plab ziyoratgohlardan xorijlik va mahalliy sayyohlar qadami uzilmaydi. Ayniqsa, Nurota chashmasi, Sarmishsoy butun dunyoga mashhur. Bu yerga yil davomida sayyohlar tashrif buyuradi. Sentobsoy, Aydarko‘l, To‘dako‘l kabi dam olish maskanlarida ham turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot starategiyasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda respublikaga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Jumladan, ushbu maqsadlarga erishish uchun Navoiy viloyatida ziyorat va ekoturizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida 2022 yil yakuniga qadar Mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan me’moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik marshrutiga kiritish, yil davomida esa viloyatda, ayniqsa, To‘dako‘l hududida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur tuzib uni amalga oshirish, Nurota tumanida “Sentob” turizm qishlog‘ini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Bu esa o‘z navbatida sohada kadrlar tayyorlash muammosini tezkorlik bilan hal etish choralarini belgilashni taqozo etadi. Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 30 oktyabrda “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida xalqaro standartlarga mos uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayonini yo‘lga qo‘yish, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini ta’minlash maqsad qilingan.

Navoiy viloyatida ham sohani yanada rivojlantirish, tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga malakali va sifatli xizmat ko‘rsatish, mehmonxona, oilaviy mehmon uyi, xostel, dam olish maskani, plyaj zonalari, shuningdek, turoperator kompaniyalarida ishlovchi hodimlarning malakasini oshirish maqsadida kasbga o‘qitish kurslari tashkil etilmoqda.

– Mazkur o‘quv kurslarida turizm sohasida ishlovchi ishchi-xodimlar - mehmonxona administratori, xona xizmatchilari, menejerlik yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi xodimlar o‘quv amaliyotini o‘tab sertifikatlarga ega bo‘lmoqda, – deydi Navoiy viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Komiljon Normamatov. – Shuningdek, viloyatda faoliyat olib boruvchi barcha oilaviy mehmon uylari egalari va oilaviy mehmon uyini tashkil etish istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘qitish, turizm sohasidagi tadbirkorlik malakasini oshirish maqsadida Nurota tumanida o‘quv kurslari tashkil etildi, 50 nafar tadbirkorlar va mahalliy aholi turizm sohasidagi sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Pandemiya davrida turizm sohasidagi kadrlar sonini oshirish maqsadida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlikda onlayn o‘quv kurslari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, gidlik, administratorlik o‘quv kurslari bo‘yicha 10 nafar xodim malaka oshirdi. Shu bilan birga yoshlarni turizm sohasiga keng yo‘naltirish, ichki turizmni rivojlantirish, gid-tarjimonlik sohalariga keng jalb qilish maqsadida Navoiy Davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda chet tillar fakulteti talabalari o‘rtasida turizm yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, ularni gid tarjimonlikka yo‘naltirish bo‘yicha 300 nafar talabarga mahorat darslari va treninglar tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil davomida viloyatga 9 ming nafar xorijiy, 522 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilgan. Shuningdek, “Ichki turizmni rivojlantirish dasturi”ga muvofiq, viloyatda mavjud jami 77 ta korxona-tashkilotlarning 55 ming nafar ishchi-xodimi hamda 307 ta mahalla fuqaro yig‘inlarining 169 ming nafar aholisi ichki turizmga jalb qilindi.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2016 yilda mehmon uylari soni bitta bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilning dekabr oyiga qadar 87 taga yetkazildi. 2018 yilda tur marshrutlar soni 5 tani, 2021 yil yakunida 35 tani tashkil etdi. Jumladan, 5 ta ekoturizm, 7 ta ziyorat turizmi hamda 3 ta agroturizmga moslashgan yangi marshrutlar ishlab chiqildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA