Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malakali mutaxassis qancha mo‘l bo‘lsa, rivojlanish ham shuncha ko‘p bo‘ladi
21:19 / 2022-12-26

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasi har bir vatandoshimiz va har bir soha vakili hayotida muhim yangilik bo‘ldi. Ayniqsa, xalq ta’limi tizimi vakillari uchun alohida ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi olti yil mobaynida barcha sohalar qatori ta’limni rivojlantirish, jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirish borasida mamlakatimizda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Yoshlarimizning sifatli ta’lim olishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Ularning jami soni 5 million 300 mingtaga yetdi. bugungi kunda esa yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilayotganligi aytib o‘tildi.  

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tizimida 530 ta umumta’lim maktabi, Prezident ta’lim muassasalari tizimida 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Ularda 326 ming 986 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, pedagoglar soni 28 ming 641 nafarni tashkil etadi. E’tiborga molik jihati shundaki, joriy yilda umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini yaxshilash maqsadida investitsiya dasturi, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari asosida viloyatdagi 43 ta maktabda qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borildi. Ushbu maqsadlar uchun 191,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 459 ta maktablarning 11 565 ta sinf xonalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2 milliard 311 million so‘m ajratildi. Ajratilgan mablag‘lar hisobidan maktablarda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.  

Ushbu imkoniyatlar samarasi o‘laroq, bugun yoshlarimiz jahon maydonlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Xususan, joriy yilda buxorolik o‘quvchilarning 8 nafari xalqaro, 7 nafari respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash kelayotgan yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri etib belgilandi. 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nomlanishi buning yorqin ifodasidir. Kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlash, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalari shakllantiriladi.  

Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qul ko‘rilgan A-Level ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Bunda har bir o‘quvchi o‘z iqtidori doirasida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘qitiladi, shunda dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyati kengayadi. Shu bois, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi yanada jadallashtirilishi ko‘zda tutilgan. Bu kabi xayrli va natijali ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi. Ayniqsa, milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz asosi – ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Kirib kelayotgan yilda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 ta maktab kengaytirilishi ko‘zda tutilgan. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning sonini mingtaga yetkazish ko‘zlanmoqda. Natijada, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish imkoni yaratiladi.

Joriy yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan edi. Kelgusi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi. Buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi. Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sog‘lom va sifatli ovqat bilan ta’minlashga shaxsan Xalq ta’limi vaziri mas’ul va javobgar bo‘lishi aytildi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari sezilarli darajada oshirildi. Ularni ijtimoiy himoyalash maqsadida namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylar, avtotransport vositalarini xarid qilishlari uchun o‘qituvchilarga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Xalq ta’limi xodimlarini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan yana bir muhim masala – ularni lavozim xizmatlariga kirmaydigan ishlar, majburiy mehnatga jalb etishga chek qo‘yildi.  

Bu ezgu harakatlar zamirida mamlakatimiz kelajagi – farzandlarimizning chuqur bilim egallab, har tomonlama komil insonlar bo‘lib yetishishlari, baxtli va farovon hayot kechirishlari, jahon maydonlarida hech kimdan kam emasliklarini namoyish etishlarini ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar mujassam. O‘tgan yillar juda samarali bo‘ldi. 6 yil mobaynida oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 170 taga yetdi, ularga qabul 3,5 baravarga ortdi. Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 24 ta xorijiy hamda 27 ta nodavlat oliygohlar tashkil etildi. Natijada yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi. Oliy ta’limga qamrov darajasini oshirish maqsadida respublika OTMlariga 2022/2023 o‘quv yilida qabul ko‘rsatkichlari jami 197 ming 858 tani (shu jumladan 16 ming 933 ta magistratura) tashkil etib, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15 foizga (27 ming 203 nafar) oshirildi. Joriy yilda 25 ta yangi oliygoh faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jumladan, nodavlat oliy o‘quv yurtlari 27 taga, xorijiy oliygohlar 31 taga, davlat oliygohlari soni 112 taga yetdi.  

Mamlakatimizda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda Andijon davlat chet tillar instituti va Namangan davlat chet tillar instituti tashkil etildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti, uning Buxoro va Qarshi filiallariga alohida institut maqomi berildi. Joriy o‘quv yilida 200 ming nafardan ortiq yoshlarimiz oliygohlarga qabul qilindi. Bunda davlat grantlari 4 ming 636 taga yoki 10 foizga oshirildi. 2022 yilda oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 27 tadan, jami oliygohlar soni esa 170 tadan oshiriladi. Oliy ta’lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi. Asos sifatida Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi qabul qilindi. O‘quv reja va o‘quv dasturlar tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi amaliyoti bekor qilindi. Oliy ta’lim muassasalariga akademik mustaqillik berilib, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab barcha o‘quv rejalar va o‘quv dasturlar har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi tartibi joriy etildi.  

Yangi standartlar va malaka talablari asosida kredit-modul tizimiga mos ravishda OTMlar tomonidan 625 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 634 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv rejalar hamda 4,7 mingdan ziyod o‘quv dasturlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Respublika oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi 5 yilda 11 ming 990 nomdagi yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratildi hamda nashr etishga ruxsat berildi.

Jumladan, joriy yilning 1 iyul holatiga 1 ming 527 nomda (shundan, darslik – 504 ta, o‘quv qo‘llanma – 1023 ta) o‘quv adabiyotlari nashr etishga ruxsat berilgan. Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda oliy ta’limga kirish uchun yoshlarimizga 20 ga yaqin imtiyoz berilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi davlat granti asosida qabul qilinadi. Shu bilan birga talabalarga ham turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilib kelinmoqda. Jumladan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash huquqi berildi. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi. Bunda hokimliklar har o‘quv yilida 100 nafardan xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘lab beradi.  

Moliyaviy barqaror oliy ta’lim muassasalari 50 nafargacha xotin-qizlarni byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bepul o‘qitib beradi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab mazkur tartibga o‘zgartirish kiritilib, hokimliklar har o‘quv yilida 150 nafardan xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘lab beradigan bo‘ldi. 2021/2022 o‘quv yilida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga mazkur o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.  

Oliy ta’lim respublikamizning kelajagini, yuksak taraqqiyotini belgilab beradigan, ijtimoiy turmushning barcha jabhalarini isloh etishda hal qiluvchi vazifani bajaradigan tayanch tizimdir. Zero, yurtimizda oliy ma’lumotli degan nomga loyiq bilimli, yuksak malakali mutaxassislar qancha mo‘l bo‘lsa, sohalar kesimida rivojlanish hamda samaradorlik ham shuncha ko‘p va xo‘p bo‘ladi. Ta’lim sifatining o‘sishi har bir sohada o‘zgarish, rivojlanish kalitidir.  

Obidjon Hamidov,  

Buxoro davlat universiteti rektori,  

iqtisod fanlari doktori, professor

O‘zA