Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT Park eksportchi rezidentlari bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda IT Parkning 100dan ortiq rezidentlari, jumladan, EXADEL, G-core, EPAM tizimlari, shuningdek, Texnikum, Najot Ta‘lim, PDP Academy, Alif tech, Bilim tech, Realsoft, Texnopark Al-jabr kabi ta’lim kompaniyalari vakillari qatnashdi. Bundan tashqari, IT Parkning respublikamiz hududlaridagi rezidentlari ham onlayn shaklda ishtirok etdi.
Tadbir avvalida IT Park tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Eksport bilan shug‘ullanuvchi va ta’lim rezidentlari soni yildan-yilga ortib borayotgani, ularga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, qabul qilingan farmondagi yangiliklar xususida so‘z bordi. Shuningdek, 2030 yilgacha Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsad va vazifalar, yetuk IT mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratish va kadrlarga qo‘yilgan talablar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqotda kompaniyalar vakillari tomonidan IT sohasini yanada rivojlantirish borasida takliflar bildirildi. Shu bilan birga, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.
N.RAHMONOVA, O‘zA