Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malakali kadrlar tayyorlashda dual ta’limning ahamiyati
13:04 / 2023-11-24

Mamlakatimiz ta’lim tizimiga dual ta’lim tushunchasi yaqin yillarda kirib keldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori bilan professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Rivojlangan davlatlarning iqtisodiyoti va sanoatini kuzatar ekanmiz, taraqqiyotda kuchli mutaxassis kadrlarning o‘rni beqiyos ekanligini ko‘ramiz.  

Bugungi kunda O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida yosh kadrlarni, ayniqsa, muhandis-texnolog va muhandis-mexaniklarni tayyorlash jarayoniga zamonaviy yondashuv talab etilmoqda.

Hozirgi kunda institutda to‘qimachilik sohasining barcha bo‘g‘inlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ya’ni paxtani dastlabki ishlashdan  to  tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha muhandis-mexaniklar, muhandis-texnologlar, muhandis-kimyogar-texnologlar, muhandis-sistemotexniklar, dizaynerlar, marketologlarga ehtiyoj bor.

Ammo bu kadrlarning an’anaviy tarzdagi ta’lim tizimida tayyorlanishi bugungi kundagi mehnat bozori talabiga javob bermaydi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” degan so‘zlari  bot-bot yodimga tushaveradi.  

O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining so‘nggi besh yillikdagi asosiy ko‘rsatkichlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlash darajasi 100 foizga yetgani, yalpi ichki mahsulotda sohaning ulushi 9,2 foizga, sanoat mahsulotlaridagi ulushi 15 foizga chiqqani, birgina tikuv-trikotaj sanoatining mahsulotlari hajmi 88 milliard 370 million so‘mni tashkil etayotganligi hamda sohada 600 mingga yaqin odam mehnat faoliyatini olib borayotganligini inobatga olsak, O‘zbekiston iqtisodiyotining drayver sohalaridan biri bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish orqali aholini ish bilan ta’minlash, kabag‘allikdan chiqarishga erishish mumkinligi o‘z isbotini topdi.

2023 yil 12 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.  

Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad uyushmagan yoshlarni, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, bunda ishtirok etgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va oliy ta’lim tizimida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.

Farmon bilan oliy ta’lim tizimida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tajriba tariqasida ishga tushirish, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida  

3 va 4-kurs talabalari uchun ushbu tizimni joriy qilish belgilandi.

Bu bejiz emas. Maqsad zamonaviy kadrlarni tayyorlashda dunyo tajribasida muvaffaqqiyat qozongan dual ta’limni qo‘llash orqali soha korxonalari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashga erishishdir.

Farmon ijrosi yuzasidan biz aynan Germaniya tajribasi asosida dual ta’limni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Chunki Germaniya bu tizimni eng samarali yo‘lga qo‘ygan davlatlardan biri hisoblanadi.

Bu ta’limda talabalar haftaning 3 kuni institutda nazariy bilimlarni, qolgan 3 kunida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda ularga korxona tomonidan malakali ustoz biriktiriladi va oylik maoshi to‘lanadi.

Soha korxonalari va tadbirkorlar bilan muzokara olib borar ekanmiz, ular asosiy muammolardan yana biri – korxonadagi kadrlar qo‘nimsizligi ekanligini aytmoqda. Bu tizimni korxonada qo‘llash orqali mazkur muammoni ham yechish imkoniyati mavjudligi ko‘rinmoqda.

Tizimda shunday imkoniyatlar mavjud ekan, nima uchun biz buni qo‘llab ko‘rmasligimiz kerak, degan savol tug‘iladi. Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar va institut jamoasi birgalikda Yangi O‘zbekistonda yoshlarga ta’lim berishda dual ta’limni qo‘llash orqali uni yangi bosqichga olib chiqish, bitiruvchilarning o‘z sohasida yetuk, zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishishi bilan bir qatorda ularning biznesga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni yirik korxonalarning hamkori sifatida tadbirkor qilib tayyorlash ustida ish olib bormoqdamiz.

Institut respublika oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib 2022/2023 o‘quv yilida dual ta’lim tizimida tajriba-sinov tariqasida o‘qitishni tashkil qildi. Buning uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 57 ta korxona bilan shartnoma imzolandi va 3-kursdagi 864 nafar talaba dual ta’lim shaklida o‘qitildi. Bunda ularning o‘quv rejasidagi mutaxassislik fanlarining o‘rtacha 50 foiz yuklamasi, ya’ni amaliy qismi korxonalarda o‘tilishi yo‘lga qo‘yildi.

Talabalarga korxonaga qatnashi uchun korxona tomonidan transport ajratildi, tushlik tashkillashtirildi, aksariyat korxonalar tomonidan talabalarga bajargan ishiga qarab oyiga 1 000 000 so‘mgacha oylik ish haqi to‘landi.

Avval talabalar bo‘sh vaqtlarida turli sohalarda, asosan savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda ishlab pul topgan bo‘lsa, dual ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ham o‘qib, ham ishlab pul topayotgani ahamiyatlidir.

Joriy  2023/2024 o‘quv yilida institutda 3 va 4-kursda tahsil olayotgan barcha talabalar “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi asosida o‘qitish tizimiga to‘liq o‘tkazildi.  

3-kursda tahsil olayotgan 805 nafar talaba 57 ta korxonada, 4-kursda tahsil olayotgan 854 nafar talaba 62 ta korxonada belgilangan grafik asosida haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida korxonada amaliy darslar asosida dual ta’lim shaklida tahsil olmoqda. Bunda talabalarga korxonaning malakali mutaxassislari rahbar etib tayinlangan.

Bu tizim asosida tahsil olayotgan 3 va 4-kurs talabalari korxonalarda o‘rnatilgan eng zamonaviy dastgohlarda ishlashni o‘rganishdan tashqari korxonaning mehnat jamoasi bilan yaqindan tanishishi, ish sharoitiga moslashishi, bitirgandan so‘ng esa o‘sha korxonaga ishga qabul qilinishi mumkin.

Dual ta’limni rivojlantirish, bu bo‘yicha dunyo tajribasini o‘rganish, ular bilan tajribamizni o‘rtoqlashish maqsadida joriy yilning 28-29 noyabr kunlari institut qoshidagi Texnoparkda “Dual ta’limning fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi istiqboli” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Anjumanga xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlat elchixonalari va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda chet-el korxonalaridan jami 60 dan ortiq mehmon taklif qilingan.  

Anjumanda Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Koreya, Xitoy, Hindiston va yana bir qancha xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, ekspertlar hamda ishbilarmon tadbirkorlar bilan bir qatorda dual ta’limda ishtirok etayotgan 40 dan ortiq mahalliy soha korxonasi ishtirok etmoqda.  

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad dual ta’lim bo‘yicha dunyo tajribasini o‘rganish, o‘zimizning tajribamizni o‘rtoqlashish, yuzaga kelayotgan mavjud kamchiliklar ustida ishlab, dual ta’limni rivojlantirishdan iboratdir.

Dual ta’lim bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni tahlil qilar ekanmiz, dastlabki xulosalarimizga ko‘ra, bu tizim uch taraflama, ya’ni institut, korxona va talabaga manfaatli bo‘lib, soha korxonalariga zamonaviy malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Bu ta’lim tizimi Yangi O‘zbekistonda ta’limni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.

Davron VAHOBOV,

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori.

O‘zA