Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malakali kadrlar taraqqiyotga xizmat qiladi
18:08 / 2022-12-21

2022 yilning so‘ngi kunlari odimlab, tarixning yangi sahifalari ochilishi oldidan davlatimiz rahbari Oliy Majlis Senati va xalqimizga an’anaviy murojaatnoma taqdim etdi.

Buni kutar ekanmiz, har birimizning qalbimizda ertangi farovon hayotga umid, mustahkam tinchligimiz va osoyishtaligimizga ishonch tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Murojaatnomada milliy rivojlanishning yangi davriga qadam qo‘yayotgan mamlakatimizning o‘tayotgan yildagi asosiy erishgan ko‘rsatkichlari, yangi yildagi maqsad va rejalari ko‘rsatib berildi.  

Prezidentimiz murojaatnomada ta’kidlaganlaridek, “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda”. Ta’lim ustuvor yo‘nalish sifatida jamiyat va davlat taraqqiyotining asosi bo‘lib kelgan. Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan  ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan hukumat darajasidagi e’tiborning yanada oshirilishi muhim qadamdir. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi. Olib borilayotgan islohotlar natijasida bugun oliy ta’lim tizimida juda katta ishlar amalga oshirildi. Oliy ta’lim muassasalarining 198 taga yetkazilishi, qamrovning oshishi, imtiyozlar va yangi o‘qitish uslublarining joriy etilishi bu bor gap. Kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi.  

Murojaatnomada davlatimiz rahbari katta e’tibor qaratayotgan masala ta’lim sifati bugun dolzarbligicha qolmoqda. Albatta, dunyo tan olgan ta’lim reytinglaridan joy olishga ko‘plab oliy ta’lim muassasalari harakat qilmoqda. Bu borada, o‘ylaymanki, har bir oliy ta’lim muassasasi o‘z strategiyasiga ega bo‘lishi kerak. Prezidentimiz murojaatnomada kon-metallurgiya sohasi bo‘yicha rejalashtirilayotgan maqsadlar haqida so‘z yuritib, Toshkent viloyati hududida joylashgan “Yoshlik” mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilishini, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushirilishini ta’kidladi. Buning natijasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining rudani qayta ishlash quvvati hozirgi 40 milliondan 100 million tonnaga yetishini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, Olmaliqda misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalari boshlanishi, Navoiy viloyatidagi Pistali konida 4 million tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining qurilishi yakunlanib, ishga tushirilishi, metallurgiya sohasida amalga oshirilayotgan bunday katta dasturlar besh yildan keyin misni – 3 barobar, oltinni esa yiliga 150 tonnagacha oshirish imkoni yaratilishi haqida alohida tahlil qilib berdi.  

Mazkur loyihalar kuchli bilimga ega, zamonaviy texnologiyalar bilan “tillasha oladigan” yetuk mutaxassislarga ehtiyojni keltirib chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida oliy ta’lim tizimidan eng ilg‘or pedagogik texnologiyalar, zamonaviy laboratoriya jihozlari va oxirgi ilm-fan yangiliklari asosida mutaxassis tayyorlashni talab etadi. Davlatimiz rahbarining “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir, – degan so‘zlari bizga yuklatilgan vazifaning zalvorini, mas’uliyatini belgilab berdi. Murojaatnomani tinglar ekanmiz, har bir vatandoshimning yuragida shu yurtga daxldorlik tuyg‘usi oshdi. Ona-Vatanga xizmat qilish sharafi, ezgu va katta maqsadlar bilan taraqqiyot sari qadam bosayotgan xalqimiz uchun matonatli mehnatini baxsh etish ishtiyoqi yurtdoshlarimizga kuch bag‘ishlaydi.  

Alisher Samadov,  

TDTU Olmaliq filiali direktori, professor  

O‘zA