Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malakali kadrlar: nazariy bilim va amaliy tajriba uyg‘unligi
12:24 / 2025-08-13

Munosabat 

Joriy yilning 8 avgustida Prezidentimiz ishtirokidagi yig‘ilishda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, kadrlar tayyorlash tizimini sohalar ehtiyojiga moslashtirish, oliy ta’limni real iqtisodiy jarayonlarga yanada yaqinlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

So‘nggi yetti yil ichida mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovi to‘qqiz foizdan 42 foizga oshgani, qabul kvotalari 4,5 barobar ko‘paygani natijasida yuz minglab yoshlar ilm olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotgan mutaxassisliklar bilan iqtisodiyotning real sektori talab qilayotgan kasblar o‘rtasida hali ham katta tafovut mavjud. Ayrim bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmayapti, korxonalar esa malakali kadrlarni chetdan jalb etishga majbur bo‘lmoqda. 

Hozirgi kunda Namangan davlat texnika universiteti qoshida 20 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tashkilotlar bilan hamkorlikda oliygoh kafedralarining filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda talabalar ikkinchi kursdan boshlab ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita jalb etiladi, bunda yoshlar nafaqat nazariy bilim, balki real ishlab chiqarish sharoitida amaliy tajriba ham orttiradi. Bu esa bitiruvchilarni mehnat bozorida raqobatbardosh va tayyor kadr sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. 

Yana bir xayrli tashabbus – yirik investitsion loyihalar texnik-iqtisodiy asoslarida mutaxassislar ehtiyojini aniq ko‘rsatish, sohalar va yo‘nalishlar kesimida oliy o‘quv yurtlariga bevosita buyurtma berish, investor talablariga mos qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy etish, oliy ta’lim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini tubdan mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Davlatimiz rahbari aytganidek, bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish tizimi ham amaliy natija beradi. Mazkur jarayonda universitet bitiruvchilarini bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan korxonalarga yo‘naltirish, tadbirkorlar esa qo‘shimcha reyting ballari va imtiyozli kreditlar orqali manfaatdor bo‘lishi – uch tomonlama foydali hamkorlikni ta’minlaydi. 

Universitet nafaqat tayyor ishchi o‘rinlariga mutaxassis yetkazib berish, balki bitiruvchilarning mustaqil biznes boshlashiga ham ko‘maklashadi. “Biznes inkubator”lar, startap markazlari, innovatsion loyiha laboratoriyalari orqali talabalarimiz va yosh tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini ishlab chiqish, ularni tijoratlashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishda banklarning 300 million dollarlik resursi, jumladan, 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga zamin bo‘ladi. 

Kelgusida ham ta’lim sifatini oshirish, tarmoqlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish va eng muhimi – bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashuvini kafolatlash yo‘lida rejali ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Muhammadjon Dadamirzayev, 

Namangan davlat texnika universiteti 

rektori vazifasini bajaruvchi, professor. 

O‘zA.