Bugun qo‘lga kiritgan yutuqlari, erishayotgan ko‘rsatkichlariga yarasha yuqori maosh olayotgan, ustamalarga da’vogarlik qilayotgan o‘qituvchilar soni tobora ortib bormoqda.
Maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari uchun joriy yilning 29 oktyabridan boshlab malaka toifa sinovlarini o‘tkazish boshlanadi hamda 16 noyabrga qadar davom etadi. Qayd etish lozimki, malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, malaka test sinovlarini bajarish uchun matematika, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun — 120 daqiqa hamda qolgan barcha fanlar uchun — 90 daqiqa vaqt ajratiladi.

Malaka sinovlarining birinchi bosqichida – mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun 40 ta (mutaxassislik fanidan 35 ta, pedagogning kasbiy standartlaridan 5 ta) test topshirig‘i beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test 2 ball bilan baholanadi. Test sinovlari uchun jami 80 ball beriladi. Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha 10 ta topshiriq beriladi. Har bir to‘g‘ri berilgan javob 2 ball bilan baholanib, jami 20 ball beriladi.
Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartiga oid 5 ta test savoli, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Toifa berish jarayonlariga tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili minimallashtirilgan.
Attestatsiya natijasiga ko‘ra pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA