O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, ayrim turdagi malaka sertifikatini berish uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentda jismoniy shaxslarga ayrim turdagi malaka sertifikatini berish bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish;
malaka sertifikatini berish bo‘yicha malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini rasmiylashtirish;
malaka sertifikatini berish bo‘yicha apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish;
malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish va bekor qilish;
davlat xizmatini ko‘rsatishda undiriladigan to‘lovlar taqsimoti;
malaka sertifikatni berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning pasportlari belgilab berilgan.
Mazkur qarorga muvofiq, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun manfaatdor shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari faqat davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyati ustidan, shu jumladan, YAIDXP orqali doimiy nazorat va monitoring o‘rnatadi.
Qaror talablarini buzgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari belgilangan tartibda ma’muriy jazolarga tortiladi.
O‘zA