Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagog kadrlarga malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovidan o‘tkazishning ilk jarayonlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik mas’ul xodimlari, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi vakillari, tajriba-sinovga jalb qilingan o‘qituvchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi tegishli Farmoni hamda 2023 yil 28 avgust kuni davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pedagog kadrlarga malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o‘tkazish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 5-7 dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan tuman va shaharlardagi pedagoglarni jalb qilgan holda malaka toifalari berishning yangi tizimi kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) tajriba-sinov shaklida o‘tkazilayapti. Bunda Andijon shahri, Paxtaobod, Qorao‘zak, Olot, Baxmal, G‘allaorol, Qamashi, Chiroqchi, Konimex, Yangi Namangan, Urgut, Boysun, Sherobod, Sayxunobod, Sirdaryo, Bo‘ka, Ohangaron, Oltiariq, Hazorasp va Yangihayot tumanlaridagi maktab o‘quvchilari ishtirok etayaptilar.

Tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayonlariga ushbu tuman shaharlardagi 4 ming 500 nafarga yaqin pedagog jalb etilgan.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o‘tkazishdan asosiy maqsad, mazkur jarayonlarning tahlili bo‘yicha malaka sinovi materiallarining formati, baholash mezonlari, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yorlari hamda boshqa muhim jihatlarini yanada takomillashtirish, aniqlangan kamchiliklar asosida malaka test jarayonlarini yanada sifatli tashkil etishdan iboratdir.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o‘tkazishda ishtirok etgan pedagoglarning olgan natijalari ularning malaka toifalari yoki lavozimga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqishga ta’sir qilmaydi.
Tajriba sinov jarayonlarini o‘tkazish va ularning natijalari malaka (test) sinov jarayonlari test topshiriqlarini takomillashtirish va tahlil etishda foydalaniladi.
Tajriba sinovdan o‘tkaziladigan mutaxassislik fani va kasb standarti, pedagogik mahorat bo‘yicha nazorat materiallari Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan.
Jarayonlar joylardagi test sinovlarini o‘tkazish sharoitlariga ega bo‘lgan Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi yoki Barkamol avlod maktablari binolarida tashkil etiladi.
Malaka (test) sinovi kompyuter orqali onlayn shaklda o‘tkaziladi va jami 25 ta fandan 3 ta tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq), har bir fandan 2 tadan variantda shakllantirilgan.
Test sinov jarayonlariga mos ravishda 90 va 120 minutdan vaqt ajratiladi.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayonlari joriy yilning 7 dekabriga qadar mamlakatimiz bo‘ylab davom etadi.
Bugun Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan mazkur tajriba-sinov jarayonlarida poytaxtning Yangihayot tumanidagi 250 nafarga yaqin o‘qituvchilar ishtirok etmoqda. 6 dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan test sinovlarida Toshkent viloyatining Bo‘ka va Ohangaron tumanlaridagi o‘qituvchilar ishtirok etadi. Shuningdek, ertaga tajriba-sinov test jarayonlari mamlakatimizning boshqa hududlarda ham o‘tkaziladi.
Mazkur yangi tizim xorijiy davlatlar, xususan Birlashgan Arab Amirliklari va Singapur kabi davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.
N.Usmonova,
O‘zA