Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malaka oshirish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi
20:18 / 2026-01-04

Davlatimiz rahbari raisligida 2025 yil 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ayniqsa o‘qituvchilarning xorijiy tajriba bilan tanishishini ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilandi.

Shu asosda har bir tuman (shahar)dan besh nafardan o‘qituvchini xorijga xizmat safariga yuborish vazifasi qo‘yilgandi.

Ushbu tashabbus Jizzax viloyatida ham izchil qo‘llab-quvvatlandi. G‘allaorol, Baxmal, Forish va Zomin tumanlari hokimliklari birinchilardan bo‘lib, bu vazifani amalga oshirdi. 2025 yilning noyabr–dekabr oylarida Jizzax viloyatidan 19 nafar maktab o‘qituvchisi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga yuborildi. Ular Saravak universiteti huzuridagi UNIMAS o‘quv markazining malaka oshirish kurslarida qatnashishdi.

Safar davomida Malayziya ta’lim tizimi, zamonaviy maktablar faoliyati, o‘qituvchilarning dars o‘tish uslublari hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish tajribasi o‘rganildi. Ayniqsa, mazkur mamlakatda STEAM ta’limiga alohida e’tibor qaratilayotgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining uzluksiz kasbiy ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sobir Vaqqosov bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:

— STEAM — bu fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematikani integratsiyalashgan holda o‘qitish tizimidir. Malayziya maktablarida ushbu yondashuv orqali o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashi, ijodiy yechim topishi va jamoada ishlash ko‘nikmalari rivojlantiriladi. Darslar faqat nazariya bilan cheklanib qolmay, amaliyot va loyihalarga asoslanadi. Bu esa o‘quvchini mustaqil fikrlaydigan, jamiyat uchun foyda keltiradigan shaxs sifatida shakllantiradi.

Malaka oshirish jarayonida poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv muhitining yuqori darajada tashkil etilgani kuzatildi. Har bir o‘quvchi shaxsiy noutbukka ega bo‘lib, hatto tanaffus paytida ham ilmiy izlanish va loyihalar ustida ishlashi odatiy hol sanaladi. Ayrim maktablarda kichik observatoriyalar tashkil etilgan bo‘lib, astronomiya fanining amaliy asosda o‘qitilishi ta’lim sifati oshishiga xizmat qilmoqda.

Malayziya ta’lim tizimi maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus bosqichlarga bo‘lingan. O‘rta ta’limning yuqori bosqichida o‘quvchilar STEAM, gumanitar, texnik va kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur bilim oladi. Baholash tizimi esa shakllantiruvchi va yakuniy baholash asosida olib borilib, o‘quvchining rivojlanish dinamikasini aniq ko‘rsatib beradi.

Safar ishtirokchilari mamlakatdagi madaniyatlar xilma-xilligi, diniy bag‘rikenglik, jamoat joylaridagi tartib-intizom hamda o‘zaro hurmat muhitiga ham alohida e’tibor qaratishdi. 

— Bugun o‘qituvchining xorijda malaka oshirishi oddiy holga aylanib borayotgani ta’lim sohasidagi islohotlarning amaliy natijasidir, — deydi Sobir Vaqqosov. — Prezidentimiz 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi. Endi ushbu xalqaro tajribalarni mahalliy ta’lim tizimiga tatbiq etish orqali o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA