Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Malaka oshirish: A.Avloniy instituti mas’ullari Buyuk Britaniyada
17:27 / 2022-05-24

Buyuk Britaniyada IATEFL xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidan A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rahbari Ayubxon Radjiyev ishtirok etdi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamkorligidagi "Future English in Uzbekistan" loyihasi doirasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida faol qatnashgan 4 nafar umumta’lim maktab o‘qituvchisi ham mazkur konferensiyada qatnashdi.

Konferensiyada ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi, xususan, malaka oshirish tizimida olib borilayotgan islohotlar mazmuni, ilk natijalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Buyuk Britaniya kengashi tashabbusi bilan konferensiyada turli mamlakatdan ishtirok etayotgan malaka oshirish tizimidagi mutasaddi rahbarlar uchun ingliz tilining kelajagi qanday bo‘lishi bo‘yicha savol o‘rtaga tashlandi. Boshqa davlatlar mas’ullari kabi A.Radjiyev ham o‘z fikrlarini bildirdi. Ingliz tilining kelajagi, malaka oshirish tizimining muqobillashtirilishi, amaliyot va ilmiy-tadqiqot ishlari birgalikda amalga oshirilishi muhimligi ta’kidlandi. Bunda faqat malaka oshirishdagi darslarning o‘ziga urg‘u bermasdan, hozirgi holat yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, o‘qituvchilarning qaysi kompetentliklarda oqsoqlanayotganini o‘rganish kabi masalalarga ilmiy yondashgan holda yechim berish va mana shu tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, yangi metodikalarni joriy etish, tizimni isloh qilish muhimligi qayd etildi.

Ingliz tilini o‘zlashtirishda onlayn, ishdan ajralgan va ajralmagan holda sinxron va asinxron shakllarda shug‘ullanish  mumkin. Malaka oshirish kurslarining jadallashishi ehtiyojga, individual trayektoriyaga asoslangan kurs kontentlarini yaratishga e’tibor berilishi ushbu tilning kelajagidagi muhim omil bo‘lishi mumkin.

Delegatsiya Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning keyingi bosqichlari, xususan, davlatimiz rahbari tomonidan maktab o‘qituvchilariga yangi, ilg‘or metodikalarni joriy etishda xorijlik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilishdagi masalalar muhokama qilindi.

Kengash vakillari tomonidan hamkorlikning keyingi bosqichida nafaqat ingliz tili fani, balki boshqa fanlar, xususan STEAM-tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha ham xorijlik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati va A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati keyingi bosqichdagi navbatdagi xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazishga kelishdi.

Bu bo‘yicha iyul oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda aniq to‘xtamga kelinadi.

O‘zA