Vatanimiz tarixidagi 5 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1885 yil (bundan 140 yil oldin) – “Umidiy” va “Havoiy” taxalluslari bilan ijod qilgan marg‘ilonlik shoir, tarixchi Muhammadumar qori Qo‘qonning sobiq xoni Xudoyorxonning so‘nggi yillari haqida hikoya qiluvchi “Maktubchayi xon” dostonini yozishni boshladi. Muallif uch hafta qizg‘in ijod qilib, tez orada 473 baytdan iborat dostonni yozib tugallaydi. Tarixchi olim Shodmon Vohidovning qayd etishicha, o‘zbek tilida masnaviy shaklida yozilgan ushbu asar bizgacha ikki nusxada yetib kelgan.
Asarning mazmunidan ayon bo‘ladiki, Turkiya fuqarosi Abdurahim afandi taxtdan tushgan Xudoyorxon bilan Afg‘onistonda uchrashadi. Bu savdogar Hindistondan qaytayotgan edi. Ma’lumki, Xudoyorxon Hajdan qaytayotgan vaqtda Hirot yaqinidagi Quruh nomli mavzeda 1881 yili vafot etadi. O‘limidan oldin Xudoyorxon Abdurahim afandi bilan Istambulga borib, Rossiyaning Turkiyadagi elchisi orqali imperator Nikolay II ga iltimosnoma yozib yuboradi va o‘z nomasida undan Toshkentga qaytishi uchun ijozat so‘raydi. Imperator bunga rozilik berib, Turkiston general-gubernatoriga tegishli buyruq ham yuboradi.
Bir muddat o‘tgandan keyin, Abdurahim afandi Xudoyorxon o‘limidan xabardor bo‘lib O‘rta Osiyoga yo‘l oladi. U Xiva orqali Toshkentga kelib, keyin Qo‘qonga boradi va Xudoyorxonning yaqin kishilari bilan uchrashadi. Shu yerda u Muhammadumar Umidiydan Xudoyorxonning hayoti, tarjimai holini yozib berishni iltimos qiladi va shoir bu istakni bajaradi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Buxoro respublikasida mahalliy yoshlarni umumiy majburiy askariy xizmatga olish boshlandi. 5 fevral respublikada “Safarbarlik kuni” sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
1946 yil (bundan 79 yil oldin) – SSSR hukumati “1946 – 1953 yillar davrida O‘zbekistonda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish rejasi va tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Bu qaror, asosan, O‘zbekistonda paxta monokulturasini uzil-kesil joriy qilishga qaratilgan edi. Sovet hukumatining ko‘rsatmasi bilan oziq-ovqat ekinlarining sug‘oriladigan maydonlari chigit ekish uchun ajratildi.
1963 yil (bundan 62 yil oldin) – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning iqtisodiy-ma’muriy rayonlari asosida O‘rta Osiyo iqtisodiy rayoni tashkil etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Farg‘ona davlat pedagogika instituti negizida Farg‘ona davlat universiteti tashkil etildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Axborot agentligi (O‘zTAG)ni – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, O‘zA – O‘zbekiston Axborot agentligining to‘la huquqli vorisi hisoblanadi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari uchun talabalarni test usulida tanlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq 1993 yilda barcha davlat oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek respublikaning ruxsatnomasi bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarida barcha ta’lim shakllari bo‘yicha talabalarni test usuli bilan tanlash joriy etildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari ta’sis etildi.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Amerikaning “Shattl-Endever” kosmik kemasi parvozi muvaffaqiyatli yakunlandi va unda Amerika astronavtlari bilan birga o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ham ishtirok etdi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov uni bu tarixiy parvozi va yerga eson-omon qaytib tushgani munosabati bilan tabrikladi.
“Sizning samoga parvozingiz, – deyiladi tabrikda, – millatimiz bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘usini oshirib yubordi, o‘zbeklar nomini butun dunyoda yana bir bor sharafladi. Siz o‘zingiz bilan birga kosmosga olib chiqqan O‘zbekiston bayrog‘i millatimizga chinakam muhabbatingiz ramzidir. Sizning matonatingiz nomingizni shonli ajdodlarimiz nomi bilan bir qatorga qo‘yadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Yigirma birinchi asr bo‘sag‘asida siz ko‘rsatgan jasorat davlatimizning oliy “Amir Temur” ordeniga mutlaqo munosibdir”.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi