Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar borki, ularning nomi vaqt o‘tishi bilan ham xalq xotirasidan o‘chmaydi.
Ular qoldirgan jasorat, sadoqat va fidoyilik izlari yuraklarda abadiy muhrlanib qoladi. Ana shunday jasur o‘g‘lonlardan biri — Vatan uchun jonini ayamagan, mardlikni hayoti bilan isbotlagan Husniddin Suyarov edi.
1989 yil 6 iyulda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan Husniddin Suyarov Sharqiy harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktabi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Samarqand serjantlar tayyorlash maktabini a’lo va yaxshi baholar bilan tamomlagan. U O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tezkor harakatlanuvchi guruhi shaxsiy tarkibida xizmat qilib, yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan mehnat qildi.

Ayniqsa, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida joylashgan Sardoba suv ombori bilan bog‘liq texnogen halokat paytida yuzaga kelgan ulkan xavfni bartaraf etish jarayonida Husniddin Suyarov yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolish uchun fidoyilarcha harakat qildi. Ana shu jasorati uni qahramonlar safidan joy olishiga sabab bo‘ldi. Afsuski, serjant Husniddin Suyarov xizmat vazifasini bajarish asnosida qahramonlarcha halok bo‘ldi.

U vafotidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining “Namunali xizmatlari uchun” I darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Qahramonning ortida onaizorning alamli ko‘z yoshlari, 25 yoshida ikki nafar farzandi bilan beva qolgan turmush o‘rtog‘ining og‘ir taqdiri qoldi. O‘sha paytda to‘ng‘ich qizi 4 yoshda, kenjasi esa 2 yoshda edi. Ayniqsa, bolajonlarning “Dadajonimni sog‘indim” degan so‘zlari har qanday inson qalbini larzaga solmay qolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Hojiyev Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan Husniddin Suyarovning farzandlariga samimiy maktub yo‘lladi.

Mazkur maktubda rektor bolajonlarga murojaat qilib, quyidagilarni ta’kidlagan:
— Qadrli qizlarim, sizlar hech qachon yolg‘iz emassiz. Siz bilan birga butun xalqimiz, davlatimiz va biz — ziyolilar hamisha yoningizdamiz. Otangiz qoldirgan yorug‘ iz har bir yutug‘ingizda, har bir ezgu qadamlaringizda davom etadi. Butun Guliston davlat universiteti jamoasi nomidan ayta olamanki, siz bizning ham oilamiz a’zosisiz. O‘n besh mingga yaqin talabalarimiz sizlarga aka-opa, ming nafarga yaqin xodimlarimiz esa yaqin insonlardir. Kelgusida yaxshi ta’lim olib, universitetimizda davlat grantlari asosida tahsil olishingizga, Prezident va nomdor stipendiyalar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti kabi ulkan marralarga erishishingizga chin dildan tilakdoshman.

Maktub va “Rektor sovg‘asi” bolajonlarga Guliston davlat universiteti Yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev tomonidan topshirildi. Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, ushbu insonparvar tashabbusni yuksak baholadilar.
– Men shunday jasur insonning turmush o‘rtog‘i bo‘lganimdan faxrlanaman, – deydi Husniddin Suyarovning bevasi Nozima Suyarova.
– Turmush qurishdan oldin harbiy hayoti og‘ir bo‘lishini aytishgan edi, ammo bu darajada og‘ir bo‘ladi deb o‘ylamagan ekanman. Qiyinchiliklar o‘tib ketar, ammo qalbdagi yara oson bitmaydi. Qizlarimni otalari kabi Vatanga sadoqatli, yurtiga xizmat qiladigan insonlar bo‘lib yetishishi, bilimli va oilaparvar inson bo‘lishi uchun harakat qilyapman. Eng muhimi, bu e’tibor nafaqat farzandlarimni, balki meni va barcha yaqinlarimni ham ruhlantirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri