Maktabdagi ma’rifiy-ijodiy muhitning sog‘lomligi, o‘qituvchilarga qiziqarli va rang-barang g‘oyalar bera olish, ularni ilg‘or tashabbuslar sari ruhlantirish ko‘p jihatdan maktabga rahbarlik qilib kelayotgan insonga, ya’ni o‘quv dargohi direktoriga bog‘liqdir.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 107-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nigora Salimova pedagoglarni zamonaviy va ilg‘or g‘oyalar sari ruhlantirib kelayotgan direktorlardan sanaladi. Shogirdlari, o‘z ishini yaxshi ko‘rgan inson sira mehnatdan charchamaydi. Bu aqidaga salkam qirq yildan buyon pedagogika sohasida ishlab kelayotgan Nigora Salimova o‘zining ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida ishonch hosil qilib kelmoqda.
– Kuni bo‘yi xonada o‘tirib, qog‘ozbozlikka ko‘milib ishlaydigan odam maktabning asl hayotidan bexabar qoladi, – deydi Nigora opa. –O‘qituvchilarni nimalar o‘ylantirayapti, ular qay yo‘sinda dars o‘tmoqdalar, bolalar o‘quv predmetlarini qanday o‘zlashtirmoqda? Bu jihatlar bilan muttasil qiziqmasangiz, ta’lim maskanida ijobiy yutuqlarga erishib bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, izlanuvchan o‘qituvchilairni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning ijobiy ish tajribasini keng ommalashtirish Nigora Salimovaning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga maktab o‘quvchilarining ma’naviyati, odobi, kiyinish madaniyati, o‘zini ko‘cha-ko‘yda, jamoat joyida tutishi, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini doimiy tahlil etib borish, zarur hollarda o‘quvchiga naikni direktor, balki ustoz, oddiy do‘st sifatida yordam qo‘lini uzatish masalasi ham Nigora opa faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
Bu esa o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichining yuqoriligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu maktab bitiruvchilari nainki yurtimiz, balki xorijdagi nufuzli oliy ta’lim dargohlarining talabasi bo‘lishdek baxtga erishayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
– Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tibori ekani alohida ta’kidlangan, – deydi N.Salimova. – Shu sababli ham keyingi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchining jamiyatdagi mavqei va maqomini yanada yuksaltirish, ularni ortiqcha qog‘ozbozliklardan, majburiy mehnat va turli jamoat ishlaridan ozod etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, maktabdagi ta’lim-tarbiyaga oid ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, maktab bitiruvchilarining mustaqil hayotda o‘z yo‘llarini topishiga ko‘maklashish borasida pedagoglar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. E’tiborga molik jihati, bugungi kunda har bir ustoz va murabbiy ushbu vazifa zalvorini his etgan holda mehnat qilmoqda, izlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlashga oid farmoniga ko‘ra, Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 107-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nigora Salimova II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan bilan taqdirlandi. Bu yurtimizda ta’lim fidoyisiga bildirilgan yuksak ishonchning amaliy namunasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri