French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabning bog‘i ko‘zni quvnatadi
18:25 / 2025-07-07

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan “Shohnigor” mahalla fuqarolar yig‘inida bugunga kelib 970 taga yaqin xonadon va ularda jami 4 ming 600 dan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Mahalla 2021 yilda “Obod qishloq” davlat dasturiga muvofiq zamonaviy qiyofa kasb etgan.

Hududdagi 18-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 1,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirdan chiqarilib, 38-sonli umumta’lim maktabini zamonaviy qiyofaga keltirish uchun ayni damda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  “Shohnigor” oilaviy poliklinikasi ta’miriga 550 million so‘m mablag‘ ajratilib, yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish, ahvolni o‘nglash chora-tadbiri ko‘rilgan. Hududdagi 18 kilometr masofaga ichimlik suvi quvuri tortilib, umumiy qiymati 4,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga gidroinshoot qurilishi ham nihoyasiga yetkazilgan. Ichki yo‘lning 4,5 kilometr qismi qayta ta’mirlangan bo‘lsa, shundan yarmi asfaltlashtirilgan. 

296 nafarga yaqin o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan 38-sonli umumta’lim maktabi zamonaviy usulda fan kabinetlari, o‘quv-laboratoriya va sinfxonalari bilan jihozlangan. Maktabda ko‘zni quvontiradigan bog‘ ham barpo etilgan.

Maktabning yordamchi xo‘jaligiga aylangan tomorqasi 50 sotixdan ortiq maydonni egallagan bo‘lib, hozirda mo‘jazgina maydonida loviya, oshqovoq, baqlajon, qalampir, makkajo‘xori va gullar bog‘ sifatida tashkil etilgan. Bir tomonda esa tokzor barpo qilingan bo‘lib, unda har yili xushxo‘r uzumning bir necha xilidan yetishtiriladi.

Xuddi shunday, maktab atrofidagi yerda o‘rik, olma, gilos, shaftoli, behi kabi mevali daraxtlardan ham har yili pishiqchilik mavsumida shiraga to‘lgan hosil olinayotgani maktab va o‘quvchilar manfaatiga xizmat qilmoqda. Shu kunlarda maktab tomorqachi mirishkorlari ekin yerining har qarichini bo‘sh qoldirmasdan ikki sotix maydonda kartoshka ham yetishtirmoqda.

Umuman, “Shohnigor”dagi ta’lim dargohi yordamchi xo‘jaligi bog‘-tokzori va tomorqa yerida yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar hosilidan har yili qo‘lga kiritilayotgan daromad hisobidan kutubxona uchun moddiy-texnik jihozlar va kitoblar bilan birgalikda kitobxonlik tanlovlari sovrindorlari uchun esdalik sovg‘alari, velosipedlar xarid qilinmoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.