French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabning 7-sinf o‘quvchisi mashina o‘g‘riladi
18:39 / 2022-01-22

“Yoshlik beboshlik” deb bejiz aytilmagan. Har bir ota-ona o‘stirayotgan farzandining axloqi, o‘qishi, yurish-turishiga e’tiborli bo‘lib, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanish choralarini ko‘rishi zarur. Aks holda, o‘z bolasining noto‘g‘ri yo‘llarga, hatto jinoyat ko‘chasiga kirib ketishiga yo‘l ochib berishi hech gap emas.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilib, tegishli hujjatlarsiz boshqaruvida bo‘lgan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 62 yoshli shaxsning nomida bo‘lgan, oq rangli, “Vaz-21011” rusumli avtomashina o‘g‘rilab ketilganini bayon qiladi.

Murojaatda aytilishicha, kechasi uning yashash uyi oldida mashina eshiklarini ochiq holda kalitini o‘zida qoldirilganligidan foydalangan noma’lum kimsa avtomobilini olib qochib ketgan. 

Viloyat IIB axborot xizmatining O‘zA muxbiriga xabar qilishicha, yuz bergan hodisa bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan viloyat hududida “To‘sib ushlash” maxsus rejasi harakatga keltirilib, tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borildi.

Buning natijastida, ushbu jinoyatni Kosonsoy tumanida ota-onasi qaramog‘ida yashovchi, umumta’lim maktablaridan birining 7-sinf o‘quvchisi, 2008 yilda tug‘ilgan bola sodir etganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘spirin avtomashinani tuman hududi bo‘ylab o‘zboshimchalik bilan haydab, voqea joyidan taxminan 800 metr uzoqlikdagi yo‘l chetida mashina o‘chib qolganligi sababli qayta yurgiza olmay, shu yerga tashlab ketgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Kosonsoy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA