Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabni maktab qiladigan kuch – oʻqituvchidir
16:02 / 2019-10-25

Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash va shu maqsadda taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Darhaqiqat, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan – bogʻcha, maktab, tarbiya masalalaridan boshlanganini koʻramiz. Chunki maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa oʻqituvchilardir.

Maʼlumki, murakkab oʻtish yillarida maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit, oʻqituvchi kasbining obroʻyi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga yetarli eʼtibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan xalq taʼlimi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-meʼyoriy asoslari mustahkamlandi.

Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlimi tizimi tiklandi. Ulugʻ allomalarimiz – Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun taʼlim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.

Pedagog xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi 3 yilda oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qoʻshimcha oylik ustamalar toʻlanmoqda. Nafaqa yoshida faoliyatini davom ettirayotgan oʻqituvchilarga pensiya toʻliq miqdorda berilmoqda.

Prezidentimizning “Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablagʻni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq” degan soʻzlari biz, oʻqituvchi va muallimlar mehnatiga berilgan yuksak baho boʻlishi barobarida, zimmamizga ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.

Toʻgʻrisini aytganda, taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash, bilim berishda ilgʻor xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy anʼana va qadriyatlarga suyanish vaqti keldi.

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, taʼlim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtirokini yana-da oshirish earur. “Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni birgina oʻqituvchini oʻzi hal etolmaydi. Bu butun jamiyatimizning ishidir. Bu borada barcha birgalikda, hamjihatlikda ishlasa maqsadga muvofiq boʻladi.

Taʼlim sohasi, jumladan, maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Buxoro viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir.

Buxoro shahridagi 28-umumtaʼlim maktabida 800 nafardan ziyod oʻquvchiga 70 nafar oʻqituvchi taʼlim beradi. Ular taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda dars jarayoniga zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bundan tashqari, oiladagi taʼlim-tarbiya muhiti, ota-onalarning masʼuliyati va oʻqituvchilar bilan hamkorligi doimiy eʼtiborda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan taʼlimdagi tub islohotlar oʻqituvchi va murabbiylar zimmasidagi masʼuliyatni yana-da oshirmoqda. Bugun oʻkituvchi axborot kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalana olishi, zamonaviy usullar vositasida dars oʻtishi, tadbirlarni yukori saviyada tashkil etishi, oʻkuvchilarning kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yana-da oshirishi kabi talablarga javob bera olishi zarur.

Bizning umumtaʼlim maktabimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, jonkuyar, fidoyi oʻqituvchilarimiz tomonidan taʼlim tizimidagi yangiliklar, jumladan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida turli tanlov va ochiq darslar oʻtkazilmoqda. Bu oʻquvchilar bilim koʻnikmasini yana-da oshirishga xizmat qilayotir.

Nigora NASULLAYEVA,
Buxoro shahridagi
28 - umumtaʼlim maktabi direktori