Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablarning tibbiy xona va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanish holati qanday?
15:56 / 2024-07-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024 yil 31 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarovaga «Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati to‘g‘risida» Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Unda umumta’lim maktablarida tibbiyot xonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularni zarur tibbiy jihozlar, dori-darmon vositalari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgandi.

Qonunchilik palatasining bugungi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar uchun tibbiy xizmatni tashkil etish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, salomatligini muhofaza qilish masalalari mas’ul vazirliklarning tegishli qo‘shma qarori bilan tartibga solingan.  

Umumiy o‘rta ta’lim maktablariga hududiy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tomonidan reja asosida shifokor va hamshiralar biriktirilgan.  

Yurtimizdagi 10 ming 165 ta umumta’lim maktabida shifokorlar 6 ming 357 nafarni, o‘rta tibbiy xodimlar 10 ming 176 nafarni, stomatologlar 252 nafarni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda vazirlik tasarrufidagi 10 ming 165 ta umumta’lim maktabining 9 ming 85 tasida tibbiy xonalar mavjud. Ularning 7 ming 766 tasi barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Qolganlari qisman jihozlangan. Mazkur tibbiy xonalarni 36 turdagi dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 7,8 mlrd. so‘m, tibbiy buyumlar xarid qilish uchun 116 mln. so‘m ajratilgan.

Vazir javobida keltirilishicha, sog‘liqni saqlash vazirligining profilaktik emlash kalendar rejasi asosida o‘quvchilarni yoshiga muvofiq emlash ishlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasida bir yilda bir marotaba tor mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, 1-4 sinflarda yilda bir marotaba 100 foiz gijjaga qarshi tekshiruvlar olib borilmoqda.

Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganligi qayd etilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA