Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablardagi ma’naviy muhit: o‘qituvchilar yangi metodika asosida qayta tayyorlanadi
12:48 / 2022-04-08

Mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan har bir sohadagi islohotni amalga oshiruvchi yagona kuch, bu — ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yuqori, shijoati baland yoshlardir. 

Shu bois ta’lim tarbiyada asosiy bo‘g‘in bo‘lgan maktablardagi sifatni yanada oshirish, o‘quvchilarga qulay bilim olish imkoniyatini yaratish ustuvor vazifa. 

O‘tgan ikki oyda mutasaddilar viloyat, tuman-shahar va qishloqlarga chiqib, joylarda maktab ta’limi sohasida uchrayotgan muammolarni o‘rgandi. 

Yaqinda davlatimiz rahbari boshchiligida ushbu o‘rganishlar hamda xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘rganishlar jarayonida mamlakatimizdagi mavjud 10 mingdan ortiq maktablardan 852 tasida ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi, 1 ming 526 ta maktabda bolalar tarbiyasi, davomat, ma’naviy muhit bo‘yicha «qizil» toifaga kiritilganligi aytib o‘tildi. Bunga asosiy sabab esa maktablarda o‘qitish metodikasining eskirgani, kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsada, ayrim hududlarda bu boradagi ishlar sust olib borilayotgani hamda ko‘plab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilindi.

Shu bois davlatimiz rahbari yuqoridagi muammolarni bartaraf etish hamda maktablarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, eng avvalo, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanishi, tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitilishi ma’lum qilindi.

 

METODIKALARGA O‘RGATISH MILLIY TA’LIM MARKAZLARI TASHKIL ETILADI

1 iyunga qadar yurtimiz hududlaridagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi. 

Ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida «trenerlar guruhlari» shakllantirilib, mazkur trenerlar joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi. Ushbu yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashini rag‘batlantirish orqali ta’lim sifatini keskin oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunda o‘tgan yili xalqaro sertifikat olgan chet tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilingani natijasida Navoiy, Namangan va Surxondaryoda malakali o‘qituvchilar sezilarli darajada oshganligi ta’kidlanib, mutasaddilarga bu tajribani yangi o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo, fizika, biologiya va axborot texnologiyalari fanlariga ham joriy etish topshirildi.

Albatta, maktablardagi ta’lim tizimini xalqaro talablar darajasidagi yangi metodika asosida tashkil etishi qisqa vaqt ichida o‘zining samarasini ko‘rsatib, yoshlarimiz fan va ta’lim sohasida yanada ko‘proq yutuqlarga erishishi shubhasiz. 

Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish bilan birgalikda o‘qituvchilarning munosib rag‘batlantirib borilishi esa ularni o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbati oshishiga, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashiga undovchi motivatsiya bo‘lishi shubhasiz. 

Ammo, «tanganing ikkinchi tomoni» ham borki, bu maktablardagi ma’naviy muhit va uni bugungi kun talablariga qanchalik javob berishi bilan bog‘liq holatdir. Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir» deya ta’kidlagan fikrlari biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu bois videoselektor yig‘ilishida maktab o‘quvchilarining ma’naviy barkamolligini yuksaltirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunda eng avvalo, o‘quvchilarda Vatanga muhabbat, oila, ota-ona va ustozlarga hurmat hissini uyg‘otish hamda zamonamiz qahramonlarining bosib o‘tgan yo‘llarini keng targ‘ib qilish ta’kidlandi.

Maktablardagi ma’naviyatchilarga qo‘yilgan talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu lavozimni mahalla va jamoada obro‘si bor kadrlar bilan to‘ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ushbu islohotlarni amalga oshiruvchi maktab jamoasi rahbari hisoblangan maktab direktorlariga nisbatan ham talabni keskin kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Xalq ta’limi vazirligiga 1 sentyabrdan boshlab maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etish topshirildi. Bundan buyon direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanishi ma’lum qilindi.

Xulosa qilib aytganda, maktab ta’limida boshlangan bugungi islohot va o‘zgarishlar oliy ta’lim va undan keyingi bosqichlarga ham o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatish orqali, mamlakatimiz kelajagiga daxldor kadrlarni yetishtirib, ko‘zlangan barcha maqsad va vazifalarga o‘z vaqtida erishish imkonini beradi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati