2 sentyabr kuni mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2025/2026 o‘quv yili boshlanib, birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi.
Shu kuni o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, 1-sinfga borayotgan bolajonlarning ota-onalari erta tongdanoq jonajon maktab tomon yo‘l oldilar.
Bu yilgi "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirlariga bag‘ishlangan tantanalar "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida o‘tkazilgani diqqatga sazovor.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
[gallery-25111]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov o‘qib berdi.
Tantanali tadbirda mamlakatimizda ta’lim sohasi Prezidentimizning doimiy e’tiborida ekani ta’kidlandi.
–Yurtboshimiz Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ham ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratib, "Baxt – intilganniki, g‘alaba – kurashganniki! Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi", deb yoshlarga alohida murojaat qildilar, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Karimov. – Shunday ekan, o‘quvchi -yoshlarimiz izlanish va bilim olishda doim olg‘a intilishlarini tilaymiz.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga ta’lim va tarbiya berish borasidagi ezgu islohotlarda milliy an’analarimiz bilan birga, ilg‘or xalqaro standartlarni o‘quv jarayoniga tatbiq etishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Yurtimiz maktablarida bolalarga turli fanlardan puxta bilim berish bilan birga, xorijiy tillarni puxta o‘rgatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 51-maktab ham fransuz tili puxta o‘qitiladigan ta’lim maskanlaridan sanaladi.
–"Birinchi qo‘ng‘iroq"dek samimiy va hayajonli tadbirda qatnashayotganimdan juda mamnunman, – dedi Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk. – Ushbu maktabning o‘quvchilari fransuz tili bo‘yicha Xalqaro DELF imtihonlarida g‘olib bo‘ldilar. Ularni chin dildan tabriklayman.
Darhaqiqat, ushbu maktab o‘quvchilari Xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar.
–Bu yil maktabimizning 1-sinfiga 155 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi, – dedi 51-maktab direktori Rustam Galiyev. – Prezidentimizning sovg‘alari ularga bir olam quvonch bag‘ishlashi shubhasiz.
Barcha hududlarda bo‘lgani kabi ushbu maktabda ham ilk saboq "Kelajak soati" darsi bilan boshlandi. Unda o‘quvchilarga mustaqilligimizning qo‘lga kiritilishi, istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida olib borilayotgan yangilanish jarayonlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA muxbiri