Maktablarda yangi oʻquv yili qanday boshlanadi?
Barchamizga maʼlumki, koronavirus pandemiyasi tufayli umumtaʼlim maktablarida 2019-2020 oʻquv yili onlayn darslar bilan yakunlandi.
Barchamizga maʼlumki, koronavirus pandemiyasi tufayli umumtaʼlim maktablarida 2019-2020 oʻquv yili onlayn darslar bilan yakunlandi.
Bugungi kunda aksariyat ota-onalarni “Centyabrdan farzandlarimiz onlayn tarzda oʻqishadimi?” degan savol qiziqtirmoqda. Koʻpchilikni uylantirayotgan ushbu savolga javob olish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri A.Ayapovga murojaat qildik.
– Toʻgʻri, hozirgi vaqtda koʻpchilik ota-onalarni shu savol qiziqtirmoqda, – deydi Amanjol Ayapov. – Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida yangi oʻquv yilini qay tarzda boshlash masalasi oʻrganilmoqda. Jumladan, yangi oʻquv yilini boshlash boʻyicha 3 ta taklif koʻrib chiqilmoqda.
Birinchisi – pandemiya holati boʻshashib, maktablar dasturiy tartibda oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu vazirlik uchun ham, oʻquvchilar uchun ham eng maqbul variant. Xalqaro tajribadan maʼlum boʻlishicha maktab yoshidagi bolalarga kasallik kamdan-kam holatda yuqishini, ularda katta yoshdagilarga nisbatan yuqish xavfining kamligini koʻrsatmoqda.
Ikkinchisi – Sogʻliqni saqlash vazirligining mamlakatimizda bolalarda virusning tarqalishiga xulosa ijobiy boʻlmagan holatda taʼlim onlayn tarzda davom etishiga toʻgʻri keladi.
Uchinchisi – gibrid boʻlib, maktablar ochiladi. Faqat maʼlum bir hudud, maktab holatidan kelib chiqib, oʻquvchilarning onlayn yoki maktabdagi darslarda taʼlim olishi davom ettiriladi. Bunda dastlabki bosqichda farzandining sogʻligidan xavotirlangan ota-onalarga ularni uyda onlayn oʻqitishga imkoniyat berilishi nazarda tutilgan, yaʼni maktabga qatnov erkin boʻlib, oʻquvchilar oddiy darsda ham, onlayn darsda ham ishtirok etishi mumkin. Maʼlum boʻlishicha, bular boʻyicha respublika maxsus komissiyasining qarori eʼlon qilinadi.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli 725 ta umumtaʼlim maktabida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 9-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri ishtirokida ushbu mavzuda boʻlib oʻtgan brifingda yangi oʻquv yilida maktablarda oʻqishning tiklanishi, har qanday vaziyatda ham onlayn maktab loyihasi davom etilishi maʼlum qilindi. Ayni kunda onlayn teledarslarni tasvirga olishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha bolaning maktabdan tashqari olgan bilimini mustahkamlashiga, oʻqituvchilarga yaxshi pedagoglarning darslarini koʻrib, malakali hamkasblaridan mahorat darslarini olishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 14-iyul kuni boʻlib oʻtgan yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida bugungi kunda xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilgan islohotlar, taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilarning bilim koʻrsatkichlari va boshqa masalalar yuzasidan fikr yuritildi. Yigʻilish yakunida taʼlim sohasi rivojini orttirish, bitiruvchi yoshlarni oliy oʻquv yurtlariga qamrab olish va ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha soha rahbarlarining vazifalari belgilab berildi
Yakunlangan oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 11 sinfini 24908 nafar oʻquvchi tamomlagan boʻlsa, shundan 21597 nafari karantin qoidalarini saqlagan holda oliy oʻquv yurtlariga onlayn tarzda hujjat topshirgan. Bundan tashqari, 26 nafar bitiruvchi oʻrta maxsus oʻquv dargohlariga hujjat topshirdi.
Vazirlik mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda bu yilgi bitiruvchilar orasidan oliy oʻquv yurtlariga test sinovidan oʻta olmaganlarining bandligini taʼminlash choralarini ham koʻrmoqda.
Yangi 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab “Tarbiya” fani orqali yoshlarga oliy maqsadlarga erishish boʻyicha taʼlim berishga, oʻz ustida doimiy ishlashiga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻquvchilarning qiziqishi va koʻnikmasiga qarab ularni kasbga yoʻnaltirish ishlari tashkil etiladi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab maktab oʻquvchilarining kasblar kesimidagi qiziqishi aniqlanadi. Xalq taʼlimi vazirligi qoshida “Kasbga tayyorlash va sertifikatlashtirish” markazini tashkil etish va 11-sinf bitiruvchilariga tanlagan kasbi koʻnikmalari boʻyicha xalqaro darajada tan olinadigan sertifikat berish rejalashtirilgan. Selektor majlisida qayd etilganidek, navbatdagi oʻquv yilidan boshlab maktab direktori va oʻqituvchilariga oʻquvchilarning oliy oʻquv yurtiga kirishi, kasb egallab, oʻz ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi toʻlanishi nazarda tutilgan. Aniqroq qilib aytganda, kelgusida har bir bitiruvchining hayotdan oʻz oʻrnini topishiga qarab maktab direktorining faoliyatiga baho beriladi.
Hozirgi vaqtda Qorqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi sohasida 36040 nafar oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Demak, kadrlar bilan taʼminlanganlik 99,9 foizni tashkil etadi. Bugungi kunda oʻrta maxsus bilimga ega kadrlarning oʻrnini oliy maʼlumotli mutaxassislar bilan toʻldirish ishlari olib borilmoqda.
2020-2021 oʻquv yilida vazirlikka qarashli umumiy oʻrta taʼlim maktablariga mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarini, shuningdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutini, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini tugatgan jami 885 nafar yosh mutaxassis ishga joylashtirildi. Vazirlik tomonidan 700 nafar yosh bitiruvchi otaliqqa olingan boʻlib, joriy yil birinchi choragida ularning 220 nafari ish bilan taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10-yanvardagi “2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzulmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida vazirlikka qarashli 18 ta obyekt kiritilib, shundan bittasida yangi qurilish, 12 tasida rekonstruksiya va 5 tasida kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-apreldagi yigʻilishi bayoni asosida Orolboʻyida jami 14 obyektda, shundan, 6 tasida rekonstruksiya, 8 tasida kapital taʼmirlash ishlari olib borish belgilandi. Shuning bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida joriy yilning fevral oyida boʻlib oʻtgan yigʻilishi bayoniga muvofiq Boʻzatov va Taxtakoʻpir tumanlaridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi oʻquv yilida taʼlim qoraqalpoq, oʻzbek, rus, qozoq va turkman tillarida olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun jami 487 nomdagi 1 million 648,4 ming nusxa darslik hamda metodik qoʻllanmasini maktab kutubxonalariga olish rejalashtirilgan. Bugungi kunda joriy yilda olinadigan darslik va metodik qoʻllanmalar shahar va tumanlar kesimida maktablarga taqsimlandi va ular karantin tadbirlari tugagach, joylarga yetkaziladi.
Albatta, yurtimizda karantin tadbirlari davom etayotganiga qaramasdan davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim sohasi rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu eʼtibor va gʻamxoʻrlik kelajagimiz boʻlgan oʻquvchi-yoshlarimizni bilimli, har tomonlama yetuk, komil inson qilib tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, qanday sharoit boʻlsa ham soha xodimlari yangi oʻquv yilida fidoyilik namunasini koʻrsatadi.