Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganiga doir tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarining davomati va fanlarni o‘zlashtirish baholari “e-maktab.uz” elektron jurnal tizimi orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, o‘qituvchilardagi ish yuklamasini kamaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan iborat. Ushbu jarayon xalqaro tajribada ham o‘zini oqlagan.
Ota-onalar uchun hozirda “e-maktab.uz” platformasining bir kalendar yillik obuna narxi 5000 so‘mni tashkil etadi hamda bu miqdor yildan yilga kamayib bormoqda (2020 yilda 9200 so‘m bo‘lgan).
Mazkur tizim joriy etilishi natijasida ota-onalarning o‘z farzandlarining darslarni o‘zlashtirish darajasini masofaviy kuzatish imkoniyati yaratilib, o‘quvchilarni baholashda shaffoflik ta’minlanib kelinmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatiga doir turli qog‘ozbozliklarning kamayishiga erishildi.
Qayd etilishicha, maktablarga an’anaviy kundalik va sinf jurnallariga qaytish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA