Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablarda xalqaro tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
10:38 / 2021-04-05

Yangiyo‘l tumanidagi 42-sonli tayanch maktabida Toshkent viloyati maktablarida xalqaro tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda inspeksiya, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, tayanch maktablari hamda tumandagi barcha umumta’lim maktablari direktorlari va trener-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etadi. Boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha asosiy tadqiqotlar joriy yilning aprel oyida o‘tkazilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadqiqot ham o‘quvchilarning matnni o‘qib tushunish darajasini baholaydi.

Toshkent viloyatida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yo‘lga qo‘yish borasida hududiy hokimliklar va ta’limni boshqarish organlari bilan hamkorlikda muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, umumta’lim maktablari kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan boyitish uchun birgina 2020 yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qariyb 455 million so‘mlik 35 ming 150 nusxa badiiy adabiyot olib berilgan. Shuningdek, «Kitoblar karvoni» tadbiri doirasida 28 nomdagi 24 ming 528 dona, 11 nomdagi 9 ming 548 dona jahon adabiyoti durdonalari, 77 nomdagi 5 ming 173 dona bolalar adabiyoti maktab kutubxonalariga yetkazib berilgan.

Yana bir tadqiqot – 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarning tajriba-sinovlari 2021 yil aprel-may oylarida hamda asosiy tadqiqotlari 2022 yil aprel-may oylarida tashkil etiladi.

Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tgan yili respublikamiz bo‘yicha 348 ta tayanch maktab tanlangan bo‘lib, ulardan 36 tasi Toshkent viloyatida joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirildi va trener-o‘qituvchilar guruhlari shakllantirildi. Ushbu tayanch maktablari viloyatdagi boshqa maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yo‘nalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega bo‘lgan muassasa hisoblanadi.

Tadbirda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, tayanch maktablarining laboratoriya jihozlari, reaktivlar va zarur kompyuter texniklar bilan ta’minlanganlik holati tanqidiy muhokama qilindi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha rejalar belgilandi.

– Davlatimiz rahbari umumta’lim maktablaridagi ta’lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo‘lishi shartligi vazifasini qo‘ygan, – deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenbayev. 

– O‘quvchilarni kelgusi hayotga tayyorlashda ularga o‘z bilim va ko‘nikmalaridan amaliyotda foydalanish, mustaqil va mantiqiy fikrlashni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan. Biz ilk marotaba ishtirok etadigan tadqiqotlarda ham aynan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llash, fikrlash va muloqot qilish qobiliyatlari baholanadi. Bu vazifani amalga oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha tashkilotlar hamkorlikda ishlashi, oliy ta’lim muassasalari tomonidan maktablarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish lozim. Bundan tashqari, tayanch maktablar hamda ularga biriktirilgan 855 maktabda ta’lim berish uchun mavjud moddiy-texnika baza zamonaviy talablarga javob berishi kerak. Bejizga Prezidentimiz tomonidan 2021 yildan boshlab barcha maktablar reytingi natijalariga qarab maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini baholash topshirig‘i berilmadi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy hokimliklarning maktab oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda 2017-2020 yillarda 134 ta maktabni zamonaviy qiyofaga keltirish uchun qariyb 333,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 2020 yilda 289 ta maktab zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlanib, bugungi kunda maktablarning kompyuter texnikalari bilan ta’minlanganlik darajasi 99 foizga yetkazilgan hamda 782 ta maktab yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulangan. Bundan tashqari, ta’lim mazmuni ham yildan-yilga yaxshilanib, viloyatda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 2020 yilda 15,2 foizga oshgan.

Seminarning ikkinchi qismida tajribali ekspertlar, Chirchiq davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha mahorat darslari o‘tildi.

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA