Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablarda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish dolzarb masala
11:35 / 2023-07-22

Poytaxtimizda "Umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalarni belgilab olish" mavzusidagi respublika o‘quv-seminari o‘z ishini davom ettirmoqda.

Mazkur seminar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi.

[gallery-12860]

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Maktabdagi tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish pedagoglar, ta’lim sohasi mutasaddilari, ota-onalar, keng jamoatchilikning o‘zaro hamjihatlikda va samarali ish olib borishini talab etadi.  

Shu bilan birga, "Barkamol avlod" bolalar maktablari, maktab kutubxonalari, maktabdan tashqari ta’lim maskanlarining faoliyatini zamon ruhi bilan hamqadam tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda.  

Bolalar musiqa va san’at maktablari, sport maktablari, badiiy ijodiyot markazlarining faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, zarur jihoz va texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Hozirda mamlakatimizda 219 ta "Barkamol avlod" bolalar maktablari mavjud. Ular bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli yo‘lga qo‘yishda, o‘quvchilar bilimini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, ushbu maktablarga bolalar qamrovini kengaytirish, to‘garaklar ishining natijadorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quv-seminarning navbatdagi ish kunida maktabdan tashqari ta’lim sifatini oshirishdagi ustuvor vazifalar, o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va bu boradagi muammolarning yechimlari, maktablarda o‘quvchilarning qiziqishlari bo‘yicha to‘garaklar ishini samarali tashkil etishga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.

Shuningdek, Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan nashr etilgan "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.  

 

Nazokat Usmonova,

Nosirjon Haydarov (suratlar)

O‘zA muxbiri