Ta’lim sohasidagi islohotlar mamlakatning barqaror rivojlanishi va bolalarning sifatli ta’lim olishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat Dasturi bo‘yicha tasdiqlangan amaliy tadbirlar rejasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog kadrlar maqomini oshirish va ularning bilimi hamda malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish ustuvor maqsad sifatida belgilandi.
Qayd etilishicha, joriy yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov aholining demografik o‘sish ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda amaldagi 78 foiz darajasida saqlab qolinadi.
Umumiy o‘rta inklyuziv ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtiriladi. Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ulushi oshiriladi, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar soni 2 ming nafarga yetkaziladi.
Ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari zamonaviy darslik majmualari bilan ta’minlanadi. Umumta’lim maktablari zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Umumta’lim maktablariga jalb etilgan xorijlik mutaxassislar uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari qamrovi kengaytiriladi, nodavlat maktablar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Yangi hujjat va tasdiqlangan vazifalar orqali O‘zbekistonda ta’lim sohasida zamonaviy yondashuvlar joriy qilinishi, pedagoglar malakasi va maktablarda ta’lim sifati yanada yuksalishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA