Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablarda sun’iy intellektdan foydalanishning ahamiyatli jihatlari nimada?
14:37 / 2025-12-24

Bugun dunyo ta’lim tizimi raqamli transformatsiya bosqichini boshdan kechirmoqda. Dars jarayoni deganda endi o‘qituvchi faqat sinfda fanni tushuntirish bilan cheklanmayapti. Elektron platformalar, onlayn resurslar, interaktiv kontentlar, masofaviy o‘qitish tizimlari va sun’iy intellekt asosidagi xizmatlar ta’limning ajralmas qismiga aylandi.

O‘zbekistonda ham raqamli ta’limni rivojlantirish, maktablarni texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, o‘quvchilarning raqamli savodxonligini oshirish masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: sun’iy intellekt O‘zbekiston maktablarida qanday imkoniyatlar yaratadi va bu yo‘nalishning istiqbollari nimalardan iborat?

Avvalo sun’iy intellektni ta’limdagi yangi “yordamchi” deb atash mumkin. Uni “o‘qituvchining o‘rnini bosuvchi” deb emas, o‘qituvchini kuchaytiruvchi yordamchi deb tushunish to‘g‘riroq. Chunki sun’iy intellekt birinchi navbatda o‘qituvchining takrorlanuvchi, ko‘p vaqt oladigan texnik ishlarini yengillashtiradi, jumladan, testlarni tekshirish, kundalik va reytinglarni avtomatlashtirish, o‘quvchi faolligini monitoring qilish, individual topshiriqlarni tanlash kabi.

Bugungi kunda dunyoda “moslashuvchan ta’lim” degan yondashuv keng tarqalmoqda. Uning asosiy mazmuni shuki, har bir bola bir xil tezlikda va usulda o‘rganmaydi. Kimdir matematikani tez o‘zlashtiradi, kimdir esa ko‘proq mashq qiladi, kimdir vizual materialni yaxshi qabul qiladi, boshqasi esa audio yoki amaliy mashg‘ulot orqali. Sun’iy intellekt aynan shu farqlarni tahlil qilib, o‘quvchi uchun shaxsiy ta’lim yo‘nalishini taklif qila oladi.

Tahlil qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston maktablarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bir necha asosiy yo‘nalishda samarali bo‘lishi mumkin.

Masalan, baholash tizimida. Bunda sun’iy intellekt asosidagi baholash vositalari test natijalarini tez tekshiradi, xatolarni tahlil qiladi va o‘qituvchiga “qaysi mavzu qiyin bo‘lyapti” degan aniq signal beradi. Bu o‘qituvchiga darsni qayta rejalashtirish, qo‘shimcha tushuntirish va individual yondashuvni kuchaytirish imkonini beradi.

O‘quv materiallarini ishlab chiqishda ham samarali jihatlari mavjud. Sun’iy intellekt o‘qituvchiga mos mavzuda mashqlar, qisqa testlar, nazorat savollari, konspekt va taqdimotlar tayyorlashda yordam beradi. Bu o‘qituvchining vaqtini tejaydi, darsga tayyorgarlik sifatini oshiradi.

O‘quvchilarning mustaqil o‘rganishiga keladigan bo‘lsak, sun’iy intellekt asosidagi virtual yordamchilar uy vazifasini tushunish, mavzuni takrorlash, qo‘shimcha misollar ko‘rish, izohlar olish kabi jarayonlarda yordamchi bo‘la oladi. Albatta, bunda nazorat va to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘lishi shart. Sun’iy intellekt inson o‘rniga o‘ylashi emas, o‘ylashga yordam berish tamoyili ustuvor bo‘lishi kerak.

Inklyuziv ta’limda esa nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun matnni ovozga aylantirish, subtitrlar, talaffuz bo‘yicha ko‘mak, shaxsiylashtirilgan dars rejasi kabi imkoniyatlar sun’iy intellekt orqali paydo bo‘ladi. Bu esa ta’limning tengligini oshirishga xizmat qiladi.

Istiqbolda sun’iy intellektdan qanday natijalar kutish mumkin? Avvalo sun’iy intellekt texnologiyalari maktab tizimida to‘g‘ri joriy etilsa, bir necha ijobiy natijalarni ko‘rish mumkin. Masalan, o‘quvchilarning bilimida “bo‘shliq”larni erta aniqlash va bartaraf etish, o‘qituvchining yuklamasini kamaytirish, metodik-ijodiy ishlarga vaqt ajratish, darslarning qiziqarli, interaktiv va amaliy bo‘lishi shular sirasiga kiradi. Ta’lim natijalarini aniq tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini ma’lumotga asoslangan holda qabul qilish, o‘quvchilarni kelajak kasblariga mos raqamli kompetensiyalar bilan tayyorlashda ham sun’iy intellektning hissasi yuqori bo‘ladi.

Ayni jarayonda sun’iy intellekt orqali fanlarni integratsiyalash ham osonlashadi: masalan, informatika + matematika + fizika yo‘nalishlarida amaliy loyihalar qilish, ma’lumotlar bilan ishlash, oddiy algoritmlar tuzish, model yaratish kabi ko‘nikmalar shakllanadi.

Shu o‘rinda unutmasligimiz lozimki, har qanday yangilik kabi, sun’iy intellektni ta’limga joriy etishda ham bir qator muammolar bor.

Birinchi navbatda infratuzilma. Maktablarda internet tezligi, kompyuterlar soni, texnik xizmat ko‘rsatish, elektr ta’minoti kabi masalalar sun’iy intellektni amaliyotga kiritishda hal qiluvchi omil bo‘ladi.

Bilamizki, sun’iy intellekt vositalari o‘z-o‘zidan natija bermaydi. O‘qituvchi uni to‘g‘ri ishlata olishi, dars jarayoniga moslashtirishi, undan metodik foyda chiqara bilishi kerak. Shuning uchun malaka oshirish kurslarida sun’iy intellekt va raqamli pedagogika yo‘nalishlari kuchaytirilishi zarur.

Akademik halollik jihatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘quvchi sun’iy intellektdan “tayyor javob ko‘chirib olish” uchun foydalanmasligi kerak. Buning uchun topshiriqlarni ijodiy, loyiha asosida, tushuntirish va tahlil talab qiladigan ko‘rinishda berish muhim.

Xavfsizlik nuqtai nazardan o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlari va ta’lim natijalari bilan ishlashda maxfiylik, kiberxavfsizlik, ota-onalar roziligi kabi jihatlar qat’iy e’tiborda bo‘lishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sun’iy intellekt, bu – imkoniyat, lekin u boshqarilsagina. Umumiy jihatdan aytganda, O‘zbekiston maktablarida sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari juda katta. Biroq u “mo‘’jiza” emas, balki to‘g‘ri boshqarilsa, natija beradigan texnologik vosita. Ta’limda eng muhim omil baribir inson – o‘qituvchi va o‘quvchi bo‘lib qolaveradi. Sun’iy intellekt esa shu insoniy imkoniyatlarni kengaytiradi, ta’limni shaxsiylashtiradi va samaradorlikni oshiradi.

Kelajak ta’limi bir uyg‘unlikka tayanadi: o‘qituvchi – yo‘naltiruvchi, sun’iy intellekt – yordamchi, o‘quvchi – faol ishtirokchi.

Farrux QODIROV, 

Shahrisabz davlat pedagogika instituti Matematika va ta’limda axborot
texnologiyasi kafedrasi mudiri, dotsent.

O‘zA