So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 30 oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma’lumotlarga izoh berib, tarqalgan xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda bu masala noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan shu yil 26 sentyabrda qabul qilingan qaror asos qilib ko‘rsatilyapti. Lekin hujjat sentyabr oyida, ya’ni mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin qabul qilingan. Bu har yili amalga oshiriladigan odatiy profilaktik choralardan bo‘lib, qarorda epidemik vaziyat murakkablashgan taqdirdagina tibbiy niqob taqish tavsiya etilgan.
– Hozirgi paytda epidemiologik holat barqaror, shuning uchun maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar biror sinf yoki guruhda kasallanish holatlari qayd etilsa, o‘sha muhitdagilarga niqob taqish tavsiya etiladi,– dedi N.Otabekov.
Ma’lumot uchun aytish joizki, mutaxassislar havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasalliklardan himoyalanish uchun ijtimoiy masofani saqlash va muloqot paytida tibbiy niqob taqishni foydali deb hisoblaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujjatda nazarda tutilgan niqob taqish tartibi joylardagi real epidemik vaziyatdan kelib chiqib amalga oshiriladi. Uni yoppasiga joriy etilgan chora sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas.
Shu bois, mazkur qaror yillik profilaktik hujjat bo‘lib, epidemiologik vaziyatga qarab tegishli choralarni belgilash uchun mo‘ljallangan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA