Xalq ta’limi vazirligining Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti AQSHning Shimoliy Jorjiya universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolagan edi.
Hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur memorandumda ko‘zda tutilgan hamkorlik yo‘nalishlari keng qamrovli bo‘lib, unda institut xodimlarining kompetensiyalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida xorij safarlarini tashkil etish va o‘zaro sheriklikda ilmiy-anjumanlar va konferensiyalar o‘tkazishga alohida e’tibor berilgan.
Hamkorlik doirasida maktab direktorlarining liderlik qobiliyatlari va STEAM fanlarni maktablarga joriy etishda ularning rolini oshirishga qaratilgan “Maktablarda liderlik va STEAM” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi. Ushbu dastur jami 12 hafta davom etib, uning 10 haftasi onlayn tarzda Google Classroom va Zoom platformalari orqali o‘tishi rejalashtirilgan. Bunda A.Avloniy institutida ikki hafta tezlashtirilgan kurs Shimoliy Jorjiya universitetining professorlari dr. Karlis Ueyn va dr. Devid Osmon tomonidan o‘tildi.
Kurs yakunida maktab direktorlari o‘z maktablarini rivojlantirishning zamonaviy rejasi va boshqaruv shakllarini ishlab chiqishi va yangi o‘quv yilidan joriy eta olishi kerak. Bunda xorijlik mutaxassislar har bir maktab direktorlariga alohida yordam beradi va Namangan, Buxoro, Xiva maktablariga tashrif buyurib, maktablarda STEAM fanlarni joriy etishda ko‘rgazmali seminarlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Kurslarda ishtirok etish uchun 25 nafar ingliz tilida so‘zlasha oladigan maktab direktori 2 bosqichli intervyu asosida saralab olindi. Intervyuda asosan til bilish ko‘nikmasi va kurslar yakunlangandan keyin joylarda mazkur kurslar yuzasidan kichik seminar-treninglar tashkil qilishga qobiliyati bor direktorlarga ko‘proq ahamiyat berildi. Mazkur ishtirokchilar ishdan ajralgan holda kurslarga jalb etildi.
O‘n haftalik onlayn tarzda o‘tkazilgan mazkur kurslar tinglovchilariga maktabni samarali boshqarishda liderlik va menejerlik sir-asrorlari hamda STEAM fanlarni maktablarga joriy qilishda rahbar roli nimalardan iborat ekanligi o‘rgatildi. Bu esa maktab rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan STEAM (aniq fanlar, texnologiya, injiniring, dizayn va matematika) yo‘nalishidagi fanlarni o‘qitish bo‘yicha pedagoglar hajmini kelajakda oshirishga yordam beradi.
Saralab olingan direktorlarning ingliz tili ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish va ularni kurs terminalogiyasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida institut xodimlari hamda ESN loyihasi eksperti Hushnamo Burxonxo‘jayeva tomonidan joriy yilda ingliz tili kurslari tashkil etildi. Kurslar muvaffaqqiyatli olib borilib, ishtirokchilarning ingliz tilida so‘zlashish ko‘nikmalari rivojlantirildi.
Ma’lumot uchun, “Maktablarda liderlik va STEAM” kursi fevral oyidan boshlangan bo‘lib, hozirgacha tinglovchilar 4 modul bo‘yicha mavzularni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Belgilangan reja bo‘yicha hafta davomida Zoom platformasi yordamida 3 marta dars mashg‘ulotlari olib boriladi. Shimoliy Jorjiya universiteti professorlari yangi mavzu yuzasidan suhbatlashadi. Darslar davomida reja asosida tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘z maktablarida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotini o‘tkazadi.
Mazkur kurs tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.
O‘zA