French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablarda imkoniyati cheklangan bolalar uchun xavfsiz inklyuziv o‘quv muhiti yaratiladi
12:58 / 2020-12-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 6 noyabrdagi qaroriga asosan O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilish belgilangan.

Qarorda xalq ta’limi tizimida kasb-hunarga yo‘naltirish, ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish mexanizmini yanada takomillashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirishning ilg‘or tajribalarga asoslangan zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish, inklyuziv ta’limni joriy etish, rivojlantirish hamda bolalar, ota-onalar, pedagog xodimlar va jamoatchilikni ijtimoiy-psixologik jihatdan tayyorlash orqali bolalar uchun xavfsiz inklyuziv o‘quv muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, bolalar uchun xavfsiz inklyuziv o‘quv muhitini yaratish bo‘yicha Markazda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ushbu savolga Markazning defektologiya va tibbiyot bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Ubayda FAYZIEVA javob berdi.

— Ayni vaqtda Markaz tomonidan “Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi”ning Nizomi hamda inklyuziv ta’lim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, pedagog xodimlarning malaka oshirish kurslari uchun “Inklyuziv ta’lim” o‘quv modulini yaratish va amaliyotga tatbiq etish, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida tashkil etiladigan “Bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash markazi” negizida inklyuziv sharoitlarda ta’lim oluvchilar uchun psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

— Bolalar uchun xavfsiz inklyuziv o‘quv muhitini yaratishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Korreksiyalovchi (kamchiliklarini tuzatish) ta’lim mazmunini o‘quvchilarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda individual bo‘lishini ta’minlash orqali har bir o‘quvchi inklyuziv ta’lim sharoitida erkin his qiladigan darajaga yetkazilishi zarur. Buning uchun ta’lim jarayonida ishtirok etuvchi barcha pedagog xodimlar, tarbiyachilar oldiga yagona talab qo‘yiladi. Bunda o‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlashga ya’ni oilada, mahallada, jamoat joylarida, umuman olganda hayotda qo‘llaniladigan shaxslararo munosabatlardagi barcha kommunikativ ko‘nikma va malakalar berilishini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

— Inklyuziv ta’limda maktab sinf xonalariga ham alohida talablar qo‘yiladimi?

— Ha albatta, inklyuziv ta’limga o‘tishda maktab va undagi sinf xonalariga alohida talablar qo‘yiladi. Chunki barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari sog‘lom bolalarni ta’lim olishiga mo‘ljallangan. Shuning uchun harakati cheklangan, zaif ko‘ruvchi, ko‘zi ojiz, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun maxsus qurilmalar, moslamalar, darslik va o‘quv materiallari, jihozlar bo‘lishi talab etiladi.

— Inklyuziv ta’lim imkoniyati cheklangan o‘quvchilar umumiy dasturlar orqali o‘qitiladimi va unda qanday mutaxassislar faoliyat olib boradi?

— Inklyuziv sinflarda umumta’lim maktablarining barcha o‘qituvchilari faoliyat olib boradi, faqat sinfdagi imkoniyati cheklangan bolalar bilan maxsus ta’lim mutaxassislari (surdopedagog, tiflopedagog, oligofrenopedagog) maxsus o‘qituvchi sifatida hamkorlikda ish olib boradi. Inklyuziv ta’lim umumta’lim dasturlari asosida har bir yo‘nalishdagi (ko‘rishdagi, eshitishdagi, aqliy faoliyatida muammosi mavjud) bolalarga yo‘naltirilgan, moslashtirilgan o‘quv dasturlari asosida individual yondashuv orqali o‘qitiladi.