Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, FIFA vakillari Alexandra Huete hamda Alberto Giacomi ishtirok etdi.
FIFA vakillari tomonidan «Football for schools» – “maktablarda futbol" loyihasi haqida taqdimot qilindi.
Ta’kidlanishicha, "Football for schools" loyihasi bugungi kunda 53 ta mamlakatda joriy qilingan bo‘lib, dastur mazkur sport turiga qiziqadigan iqtidorli yoshlarni saralab olish hamda o‘qitishda alohida ahamiyatga ega.
Aynan "Football for schools" loyihasi yordamida dunyo bo‘ylab taniqli sport yulduzlari yetishib chiqqan. Bu O‘zbekistondagi iste’dodli yoshlarni kashf etishda ham o‘ziga xos rol o‘ynashi shubhasiz.
Treninglarda butun respublikadan saralab olingan 28 nafar jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ishtirok etmoqda.
Seminar ishtirokchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar hamda “Chig‘atoy” sport bazasiga tashrif rejalashtirilgan.
Seminar-treninglar 29 aprelgacha davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA