Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Olga Litvinova hamda xalq deputatlari Yangihayot tuman Kengashi deputati H.Tillayev 329-sonli umumta’lim maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinganidek, ushbu maktabda muhandislik sinflari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘quvchilarning texnik fanlarga qiziqishini oshirib, kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘rganish davomida Olga Litvinova pedagoglar, maktab ma’muriyati va o‘quvchilar bilan muloqot qilib, mamlakatimizda ta’lim tizimini yaxshilash va zamonaviy maktablar qurish ishlari izchil davom etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, yo‘nalishli ta’limni rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni kasbga yo‘naltirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Olga Litvinova boshchiligidagi ishchi guruh 154-maktabda ham bo‘ldi. Maktab jamoasi bilan uchrashuv davomida ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Deputat o‘quvchilarga “yashil byudjetlashtirish” tushunchasi haqida gapirib, davlat mablag‘larini ekologik barqarorlikni inobatga olgan holda taqsimlash muhimligini ta’kidladi.

Pedagogik jamoaga ekologik ta’limni takomillashtirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berildi. Jumladan, 2025 yilda ekologik tarbiya yo‘nalishida mahalliy dasturlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, maktablarda ekologik to‘garaklar hamda “yashil hududlar” tashkil etish, o‘qituvchilarning ekologik mavzular bo‘yicha malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida suv va energiya tejovchi, xavfsiz materiallardan foydalanishga asoslangan “yashil standartlar” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi qayd etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA